“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida uglevodorodlarni qazib chiqarish bo‘yicha yanvar-avgust oylari yakunida kutilayotgan prognoz ko‘rsatkichlari borasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda investitsiya dasturining ijro holati va yangi quvvatlarni foydalanishga topshirilishi ham muhokama etildi.

Joriy yil avgust oyining ortda qolgan davrida tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Muborak, Sho‘rtan, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari tomonidan belgilangan rejaning bajarilgani ammo, Gazli va Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmalari tomonidan qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi quduqlarni ishga tushirish holati, texnologik obyektlar bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar ijrosi qoniqarsiz ekanligini keskin tanqid qildi va Uchqir siquv kompressor stantsiyasini qurish ishlarini bir muddat kechikayotganligini bunga misol qilib keltirdi.

Boshqaruv raisi tomonidan barcha mas’ullarga konlarda va quduqlarda ishni to‘g‘ri tashkil qilish, har bir konning o‘z “egasi” bo‘lishi kerakligi, ya’ni tabiiy gaz qazib chiqarilishi uchun javobgar mas’ul bo‘lishi shartligi aytildi.

Bundan tashqari, konlar va quduqlarda vaxta rejimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar yashaydigan maxsus joylarning ahvoli, ovqatlanishlari uchun oziq-ovqatning tarkibi, kaloriyasi masalasi tahlil qilindi. Ayrim joylarda ishlarning to‘g‘ri tashkil qilinmagani uchun, bu borada kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Avvalo, uzoq yillardan buyon tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning razryadlarining hanuz pastligicha qolayotgani aytildi va ishchi-xodimlarning manfaatdorligini ta’minlash, shart-sharoit hamda ishlash uchun barcha qulayliklar yaratilmagani tanqid qilindi.

Boshqaruv raisi eng muhim masalalardan biri sifatida burg‘ilash ishlaridan so‘ng yoki qayta ta’mirlanib ishga tushirilayotgan tabiiy gaz quduqlarining samarasiga e’tiborli bo‘lish va qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Videoseletor yig‘ilishi davomida suyultirilgan gaz masalasi, tizimda moliyaviy xatolar va kamchiliklarning uchrayotgani hamda benzin ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga ham to‘xtalindi.

Yig‘ilish so‘nggida Boshqaruv raisi “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizimidagi barcha korxona hamda tashkilot rahbarlariga qisqa muddatda, karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj ishchi-xodimlarning shaffof ro‘yxati – “Temir daftar” shakllantirish bo‘yicha topshiriq berdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz