“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning tashabbusi bilan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash va istiqbolli loyihalarni amalda tadbiq etilishini ta’minlash maqsadida “Innovatsion guruh” tuzildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchilik qiladigan “Innovatsion guruh” a’zolari o‘zaro yig‘ilib, barcha masalalarda muhokama o‘tkazishi hamda ularga yechim topish yo‘lida bir jamoa bo‘lib harakat qilishi belgilab olindi.

“Innovatsion guruh”ning ilk yig‘ilishida “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan bog‘liq departamentlari rahbarlari, mas’ul xodimlari, Loyihalashtirish instituti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft-gaz universitetining Toshkent filiali vakillari ishtirok etishdi va hammaning fikr bildirishi uchun birdek imkoniyat berildi.

Ilk uchrashuv davomida departament rahbarlari tomonidan 2020 yilning 4-choragida amalga oshiriladigan ishlar, sohada qilinishi rejalashtirilgan yangiliklar hamda 2021 yilning prognoz ko‘rsatkichlarini oshirish uchun rejalashtirilayotgan innovatsion loyihalar borasida so‘z yuritildi.

Shuningdek, tabiiy gaz qazib chiqarilishi hajmini ko‘paytirish, yangi quduqlarni aniqlash uchun olib boriladigan geologiya-razvedka ishlarini amalga oshirish uchun sohaga zamonaviy texnologiyalarni to‘la joriy etish, tabiiy gazning behuda sarflanishi oldini olish, uni qayta ishlash orqali yangi ishchi o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish borasida takliflar bildirildi.

Erkin suhbat davomida, Boshqaruv raisiga Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish turini kengaytirish, raqamli kon, metereologiya, qayta ishlash yo‘nalishlarida ham bir qator rejalar borasida ma’lumot berildi.

Ishlab chiqarish davomida qo‘llash uchun 10 ga yaqin innovatsion g‘oyalar va loyihalar taklif qilindi hamda ularning qaysi biri samara berishi keng munozaralarga sabab bo‘ldi.
Boshqaruv raisi tomonidan har qanday samarali innovatsion g‘oya va loyihalar moliyalashtirilishi, ushbu loyihalardan ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

O‘zaro suhbat so‘nggida, “Innovatsion guruh” a’zolarining navbatdagi uchrashuvi joriy yilning 2 oktyabr kuni o‘tkazilishiga kelishib olindi.

O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 


www.sgcc.uz