O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12–13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Tashrif doirasida, “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarining mahalliylashtirish va kooperatsiya pavilyoniga ham tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan mazkur pavilyon, uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad hamda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida olib borilayotgan islohotlar, kelgusidagi rejalar haqida axborot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriqlar, “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatida 2021 yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar va sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, topshiriqlarni tegishli mutaxassislarga yetkazish va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, 2021 yilda uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirish, qazib chiqarish, tabiiy gazni qayta ishlash jarayonlarini amalga oshirish yuzasidan bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni muhokama qilish maqsadida Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Videoselektor yig‘ilishida avvalambor Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Neft va gaz sohasida izlov qidiruv ishlari, uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirish, yangi konlarning ochilishi, qayta ishlash zavodlari uchun zamin va zaxira yaratilishida olib borilayotgan ishlar yuzasidan xavf borligi haqida so‘z yuritganlari eshittirildi.

Boshqaruv raisi tomonidan, tabiiy gaz qazib chiqarish respublikada eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanib, tabiiy gaz qazib olish uchun gaz zaxiralarini o‘stirish, gaz qazib olish va gazni qayta ishlash yo‘nalishlari o‘zaro bir-biriga bog‘liqligi va ushbu ishlarni birgalikda amalga oshirish kerakligi haqida topshiriqlar berildi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Loyihalash institutlari bilan hamkorlikda geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, kechayu kunduz ishlarni tashkil etish, uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirish bugungi kundagi “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatining eng ustuvor vazifasi deb belgilanishi haqida ogohlantirdi.

Boshqaruv raisining geologiya bo‘yicha o‘rinbosari va Departament boshliqlariga, 2021–2023 yillarda Neft va gaz sohasida uglevodorod zaxiralarini o‘stirish, istiqbolli yangi konlarni ochish, Qashqadaryo viloyatidagi Muborak, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida gaz zaxiralarini 2021 yilda 15 mlrd kub metrga, respublika bo‘yicha 40–45 mlrd kub metrga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Geologiya yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratib, bugungi kunda bu muammoli masala ekanligini, shu sababli izlov qidiruv, geologiya yo‘nalishida ishlab yurgan xodimlarni doimiy malakasini oshirish, kerak bo‘lsa, qo‘shimcha shtatlar ochish hamda xorijdan malakali mutaxassislardan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining geologiya bo‘yicha maslahatchisi lavozimini joriy etish taklifini ilgari surdi.

Shuningdek, 2020 yilda uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz qazib olishni hamda suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bajarilishini jadallashtirish belgilandi.

2020 yilda yo‘l qo‘yilgan qoloqliklarni inobatga olgan holda 2021 yilda uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlashga qaratilgan burg‘ilashdan yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjud quduqlarda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini olib borish hamda texnologik jarayonlarda modernizatsiya va rekonstruktsiya ishlarini bajarishga qaratilgan geologik-texnik chora-tadbirlarni bugungi kundan boshlash choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli departamentlarga topshiriqlar berib o‘tdi.

Mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini keskin tanqid ostiga olib, sohada xaridlar portfeli yaratish va onlayn xaridlarning shaffof bo‘lishi kerak ekanligini ta’kidladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida Mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini tubdan yaxshilash va ishlarni tashkil etish yuzasidan viloyatlararo ishchi guruhlar tuzish, har bir neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridan malakali texnologlarni jalb qilish va respublika tadbirkorlariga yo‘l ochib berish, tuzilgan shartnomalar yuzasidan kunlik monitoring o‘rnatish uchun jamiyat buyrug‘ini ishlab chiqish masalasida topshiriqlar berildi.

2017–2021 yillarda Uglevodorodlar qazib chiqarishni oshirish dasturi doirasida amalga oshirilgan qurilish va jihozlash ishlarini yakuniga yetkazish, qurilish loyiha ishlari uchun texnik shartlarni Qurilish vazirligi bilan kelishish, barcha qurilish ishlari uchun loyiha hujjatlarini Ilmiy tadqiqot institutlari bilan birgalikda yakuniga yetish hamda Davlat komissiyasi bilan “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyati balansiga qabul qilish ishlarini yakunlash yuzasidan Qurilish, transport bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari va tegishli departament rahbarlariga vazifalar belgilab berdi.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarish jarayonlaridagi xaridlarning shaffofligini oshirish, ochiqlik bilan amalga oshirish ishlarini tashkil etish, mavjud uskunalardan oqilona foydalanish, qazib chiqarish va qayta ishlash jarayonlaridagi ma’nan eskirgan uskunalarni yangisiga almashtirish orqali ishchi xodimlarning xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, nolekvid ehtiyot qismlarining oshmasligi nazoratini kuchaytirish va xarajatlarni iqtisod qilish yuzasidan tegishli departament rahbarlariga topshiriqlar berdi.

Gazli hududidagi Uchqir siquv kompressor stantsiyasini ishga tushirish ishlarini yakunlash, Gazdan propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasining qurilish ishlarini jadallashtirish, investitsion loyihalarning belgilangan muddatda ishga tushirilishini ta’minlash orqali suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha tegishli mutaxassislarga vazifalar belgilab berildi.

Videoselektor yig‘ilishi davomida Boshqaruv raisi yana bir bor kadrlar masalasiga to‘xtalar ekan, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialida tahsil olayotgan talabalarning sohaga jalb etilishi, ularning amaliyot o‘tashi uchun har bir neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida, zavodlarda zamonaviy o‘quv xonalari tashkil etish, o‘quv jihozlari bilan ta’minlash borasida alohida topshiriq berildi.

Talabalarga shu vaqtga qadar soha bo‘yicha nazariy bilimlar berilib, amaliyotda esa boshqarma yoki zavodlarning maketi ko‘rsatilib kelinganligi tanqid qilinib, kelgusida bitiruvchilarni neft va gaz qazib chiqarish maydonlariga olib borish, gazni qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish kerakligi xaqida ogohlantirildi.

I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali talabalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlash va kelajakda ulardan yetuk mutaxassislar tayyorlash uchun Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda bajarilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish belgilandi.

Boshqaruv raisi tomonidan videoselektor yakunida 2020 yilning 1 dekabr kuniga qadar 2021 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar rejasi tayyor bo‘lishi borasida mas’ul rahbarlarga topshiriq berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz