O‘zbekistonda Energetika vazirligi tomonidan xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda past uglerodli rivojlanish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Hujjat atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi issiqlik gazlarini kam miqdorda chiqaradigan elektr energiyasini ishlab chiqarishga o‘tish yo‘llarini aks ettiradi.

May oyining boshida O‘zbekistonda Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki ishtirokida mamlakatni 2030 yilga qadar elektr energiyasi bilan ta’minlash Kontseptsiyasi qabul qilindi. Hujjat mavjud elektr stantsiyalarni modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atom elektr stantsiyalari hisobiga elektrogeneratsiyaning yangi turlarini yaratishni nazarda tutadi. Bu chora-tadbirlar 2030 yilga kelib issiqlik gazlarining atrof-muhitga ajralishini 2010 yilga nisbatan 10 foizga qisqartirish imkonini beradi.

Hozirgi kunda mazkur hujjat asosida O‘zbekistonda kam uglerodli milliy energetika strategiyasi ishlab chiqilmoqda va uni tayyorlashda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari ishtirok etmoqda. Strategiya bir tomondan, mamlakatni elektr energiyasi bilan ta’minlash muammosini hal qilish, ikkinchi tomondan, atrof-muhitga salbiy ta’sirni qisqartirish uchun zarur hisoblanadi.

Kam uglerodli energetikaga o‘tish strategiyasi mamlakat energetika tizimini modellashtirish usullari va istiqbolga mo‘ljallangan taraqqiyotning taxminiy ssenariylari yordamida ishlab chiqilmoqda. Bu bilan Corporate Solutions xalqaro konsalting kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Shu bilan bir vaqtda biz Germaniya, Ispaniya, Yaponiya tajribasini o‘rganmoqdamiz. Biroq, bu mamlakatlar tajribasini O‘zbekiston sharoitida to‘liq ravishda qo‘llash mumkin emasligini ham e’tiborda tutmoq lozim. Bizning mamlakatimiz uchun xalqaro tajribadan maksimal ravishda foydalangan holda rivojlanishning individual rejasi tanlanadi, – deya ta’kidladi O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonov.

Mamlakatda energiya ishlab chiqarish tizimi eskirgan va samarasi ham past darajada bo‘lib, tabiiy gaz va cheklangan gidroenergetik resurslarga butunlay tobe holatdadir. Bu vaziyatda muammolar quyosh, shamol va suv kabi muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakat energotizimiga atom energetikasini kiritish orqali hal qilinishi mumkin. Generatsiyaning bu barcha ko‘rinishlari atrof-muhitga karbonat angidrid gazini kam ajratuvchi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi guruhiga kiradi, Atom energiyasi ham minimal karbonat angidrid chiqindilari bilan energiya ishlab chiqarish guruhiga kiradi, shu bilan birga u mamlakatni sanoat miqyosida uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Strategiya kam uglerodli energetikaga o‘tishning uch ssenariysini aks ettiradi, hujjatning ta’sirchanligini oshirish uchun esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida generatsiyani, xususan, quyosh energiyasini rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi. Rejalar investorlar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Rejaga ko‘ra, 2030 yilga kelib O‘zbekistonda umumiy quvvati 3 GVt bo‘lgan shamol elektrostantsiyalari, quvvati 5 GVt bo‘lgan quyosh elektrostantsiyalari, shuningdek, quvvati 2,4 GVt bo‘lgan atom elektr stantsiyalari qurilishi kutilmoqda.

 

Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz