O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov joriy yilning 14 dekabr kuni Moskva shahriga amaliy tashrifi chog‘ida Rossiya Federatsiyasining qayta tayinlangan Energetika vaziri Nikolay Shulginov bilan uchrashdi. 

A.Sultonov N.Shulginovni Rossiya Federatsiyasi energetika vaziri lavozimiga tayinlangani bilan qutladi. U O‘zbekiston uchun Rossiya kompaniyalari bilan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida hamkorlik qilish strategik ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Shuningdek O‘zbekiston Energetika vaziri Rossiyaning moliyaviy institutlari bilan energetika loyihalariga mablag‘lar jalb qilish borasidagi o‘zaro munosabatlar rivojining ijobiy dinamikasini qayd etdi. 

O‘zbekiston energetika kompaniyalarining ishlab chiqarish va moliyaviy jarayonlarini raqamlashtirish hamkorlikning yana bir muhim yangi yo‘nalishi hisoblanadi. 

 

 

O‘z navbatida, N.Shulginov neft-gaz sohasida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida energetika sohasidagi hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u Rossiya energetika kompaniyalari mavjud loyihalar bilan o‘zaro hamkorlikni cheklamaydi va O‘zbekiston bilan yoqilg‘i-energetika kompleksining barcha sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun tayyor ekanligini ta’kidladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston gidroenergetika sohasida RF Tashqi iqtisodiy banki moliyaviy qo‘magida 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Yangi mini GES (Darg‘om kanalida va Quyichotqol GES tarkibida)lar, amaldagi Farhod va To‘palang GESlarning modernizatsiyasi shular jumlasidan. Gidroenergetika sohasidagi yana bir qator loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilish masalasi muhokama qilinmoqda.

 

Ikki mamlakatning neft va gaz sohasidagi hamkorligi uzoq yillik tarix va muhim istiqbollarga ega. “LUKOYL” kompaniyasi tomonidan ikki MTB (mahsulot taqsimotiga doir bitim) doirasida “Qandim” va “Hisor” konlarida 2004-2020 yillarda 84,4 mlrd. kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Mazkur loyihalar bo‘yicha o‘zlashtirilgan investitsiyalar miqdori 7,4 mlrd. dollardan oshdi.

“Gazprom” kompaniyasi bilan “Shohpaxta” va “Jel” konlarida qazish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, “Shohpaxta” konidan 4,53 mlrd. kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bundan tashqari, “Mustaqillikning 25 yilligi” koni bo‘yicha MTBni amalga oshirish doirasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

“LUKOYL” OAJ bilan hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha QK tashkil qilish jarayoni davom etmoqda. Hozirgi vaqtda potentsial sarmoyaviy bloklar ko‘rib chiqilmoqda.

 


O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz