Odamlarni o‘zini o‘zi yakkalab, transportdan voz kechishga majbur qilgan koronavirus pandemiyasi tufayli jahon iqtisodiyoti uchun boshlangan og‘ir paytlarda dunyoda neftga bo‘lgan talab keskin pasayib, uning narxining tushib ketishiga olib keldi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra O‘zbekistonda energiya iste’moli 18 foizga pasaygan va yoqilg‘iga bo‘lgan talab ham kamayib ketgan. Koronavirus inqirozidan oldin O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojlari faqat o‘sib bordi va qayta tiklanmaydigan energiya manbalaridan, asosan resurslari cheklangan uglevodorodlardan foydalanish hisobiga qoplandi.
O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Saidabbasovich Sultonov "O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" jurnali Bosh muharriri bilan suhbatda mamlakatimiz energetika bozorining inqirozdan keyingi istiqbollari, uglevodorodlar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kelajagi haqida so‘zlab berdi.

– Alisher Saidabbasovich neft narxining pasayishi munosabati bilan sizdan so‘ramoqchi bo‘lgan birinchi savolim. Sizningcha, qora oltinning kelajagi qanday bo‘ladi, ko‘p marta bo‘lganidek, nav­batdagi pasayish kuzatiladimi yoki uglevodorodlar tugash arafasidami?

– Yaxshi savol va unga juda uzoq vaqt javob berish mumkin. Uglevodorodlarning o‘rnini bosish va bu qan­chalik tez sodir bo‘lishi mumkinligi haqida bir nechta nuqtai nazarlar mavjud. Bahs-munozaralar bir necha o‘n yillardan beri davom etib kelayapti va bundan chamasi o‘ttiz yil avval keyingi avlod neft va gazsiz qoli­shi aytilgan edi. Ko‘rib turganingizdek, bu sodir bo‘lmadi va menimchi, agar shunday bo‘lgan taqdirda ham, u tez orada sodir bo‘lmaydi. Lekin ekspertlarning hi­sob-kitoblarga ko‘ra yaqin 30 yil ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalari dunyo energetikasining eng tez rivojlanadigan segmentiga aylanadi. Biroq uglevodorodlar davrining tugashi haqida gapirishga hali erta. Menimcha, zarur energiyaning yarmidan ko‘pi yana 20-30 yil mobaynida hamon yoqilg‘ining qazib olinadigan turlari hisobidan tanlab olinadi.
Bundan tashqari uglevodorodning narxi o‘zgarib turadi. Shu ma’noda qayta tiklanuvchi energiyaga sarmoya kiritish yanada barqaror variantdek tuyuladi, ammo bu yerda ham o‘ziga yarasha murakkabliklar mavjud. Axir shamol parklari yoki quyosh parklari iste’molchiga yaqin bo‘lishi kerak, buning har doim ham iloji bo‘lmaydi yoki qo‘shimcha va juda katta xarajatlar bilan bog‘liq. O‘zingiz tushunasiz, energiyani ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas, uni yana iste’molchiga yetkazib berish ham zarur.
Qisqa kilib aytganda, menimcha, uglevodorodlarning, ayniqsa, mamlakatimiz boy bo‘lgan tabiiy gazning hali kelajagi bor va biz uni ehtiyot qilishga va oqilona sarflashga intilayapmiz. Shunisi qiziqki, qora oltin – neftning narxi pasayganda, jahon iqtisodiyo­tining o‘sishi xam susayadi, sariq oltinning narxi esa ko‘tariladi. O‘zbekiston bunday oltinning ham yaxshi zaxiralariga ega bo‘lib, bu neft narxi tushib ketishining ba’zi salbiy oqibatlarini yumshatishda muhim aha­miyatga ega.

– Energetika vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan o‘tgan yili tashkil etilgan bo‘lib, u yagona energetika siyosatini amalga oshiradi. Ushbu qaror mamlakat yoqil­g‘i-energetika tarmog‘ining rivojlanishiga qan­day hissa qo‘shmoqda, yangi boshqaruv yondashuvining eskisidan farqi nimada?

– O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, hozirgi shakldagi Energetika vazirligi o‘tgan yili tashkil etildi. O‘sha vaqtda bu haqida matbuotda ham, turli uchrashuv va yig‘i­lishlarda ham ko‘p gapirildi. Men ularni tak­rorlashni istamasdim, lekin qisqacha aytadigan bo‘lsam, avvalgi tuzilmalarning unchalik moslashuvchan emasligi va samarasizligi o‘zgarishning asosiy sababi bo‘ldi. Ularning ayrimlari yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirishga nisbatan muvofiqlashtirilgan yondashuv, innovatsion boshqaruv tamoyillarini joriy etish, mamlakatimizda sog‘lom raqobat va jozibador investitsiya muhitini yaratish kabi hozirgi vazifalarga mos kelmadi.
Hozirgi vaqtda Energetika vazirligi O‘zbekistonning butun yoqilg‘i-energetika kompleksi rivojlanishini muvofiqlashtiradi. Energetika vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar elektr va issiqlik energiyasi, ko‘mirni ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va iste’mol qilish, shuningdek, neft, gaz va ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarni qazib olish, qayta ishlash, tashish, taqsimlash, sotish va ulardan foydalanish jarayonlarining davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshiradi. Yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasidagi mazkur tub o‘zgarishlar butun bazaviy tuzilmaning tubdan isloh qilinishini talab qildi. Shunday qilib, 2019 yilning boshida "O‘zbekenergo" AJni tubdan restrukturizatsiya qilish amalga oshirildi, uning negizida uchta aktsiyadorlik jamiyati tashkil etildi: "Issiqlik elektr stantsiyalari", "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" va "Hududiy elektr tarmoqlari". Ushbu qayta tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy usullariga o‘tishdan iborat.
2019 yilning o‘rtalarida neft-gaz sanoatini isloh qilish jarayoni boshlandi, natijada o‘tgan yilning oxirida islohotlarning birinchi bosqichi nihoyasiga yetkazildi. "O‘zbekneftgaz" AKning yangi tashkiliy tuzilmasi shakllantirildi, unga "O‘zburg‘uneftgaz", "O‘z­neftgazqazibchiqarish", "O‘zneftgazmash" aktsiyadorlik jamiyatlari qo‘shildi. "O‘zbekneftgaz" AK boshqaruv tizimidagi ortiqcha oraliq bo‘g‘inlar qisqartirildi. Neft va gaz qazib olish va gazni qayta ishlash tashkilotlari ham "O‘zbekneftgaz" AJning tarkibiy bo‘linmalariga (boshqarma, zavodga) aylantirildi.
"O‘ztransgaz" AJ "O‘zbekneftgaz" AJ tarkibidan chiqarilib, gaz qazib chiqaruvchi tashkilotlardan tabiiy gazni kelgusida tashish, shu jumladan ,eksport va import qilish hamda magistral gaz quvurlariga ulangan iste’molchilarga sotish uchun sotib olish bo‘yicha yagona operator etib belgilandi. "O‘ztransgaz" AJ gaz ta’minotining hududiy filiallari negizida gaz taqsimlash tarmoqlaridan foydalanish va aholiga hamda ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berish bo‘yicha "Xududgazta’minot" AJ tashkil etildi.

"O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" jurnalidan

 

 

www.sgcc.uz