Bugun "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Deputat Aktam Hayitov ishtirokida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalari, undagi ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalq deputatlari viloyat Kengashi vakillari va faollari hamda majmua ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Hayitov tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining besh ustuvor yo‘nalishi va undagi 100 ta muhim maqsad haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizda keyingi yetti yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan hujjatdir. Strategiya beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan va bu o‘z navbatida mamlakatda islohotlar samaradorligini keskin oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi. Strategiyaning har bir yo‘nalishini tahlil qiladigan bo‘lsak, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish, munosib turmush sharoiti bilan ta’minlash kabi ulkan maqsad va marralar ko‘zlanganini ko‘rish mumkin. Masalan, 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib olinmoqda. Bunda kelgusi yetti yillikda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash kabi chora-tadbirlar belgilangan. Hujjatda qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish borasida ham qator vazifalar belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, kelgusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ko‘rsatkichining 25 foizdan yuqori bo‘lishi ta’minlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston —2030” strategiyasi nafaqat mamlakatimizning kelgusi yetti yillik taraqqiyotini shu bilan birga, uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim hujjatdir. Unda belgilangan maqsadlarning ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishida, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi - deydi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Hayitov.
Ochiq muloqot ko‘rinishida o‘tgan tadbirda majmua ishchi-xodimlari tomonidan:
Yurtimizdagi bolalar ishtirokidagi YTHlarining oldini olish maqsadida, kelajakda maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari uchun maxsus avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish;
Davlat idoralarida xizmat vazifasini o‘tayotgan ishchi-xodimlar uchun banklar, kadastr, soliq idoralari, aloqa kompaniyalari va shu kabi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga murojaat qilishda ish vaqtlarining nomutanosibligi, ishdan ajralgan holda borib murojaat qilish esa ish vaqtini yo‘qotilishiga sabab bo‘layotgani va bu o‘z navbatida ish samaradorligiga ta’sir etayotganligi sababli, murojaatlarni va xizmatlarni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazish yoki davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlar uchun qonun doirasidan chiqmagan holda shanba va yakshanba kunlari qabul jarayonlarini amalga oshirish;
Xalq murojaatlari bilan ishlash jarayonidagi qonun hujjatlaridagi fors-major holatlarga, yangi loyihalar orqali yechimlar topish kabi murojaat va takliflar aytildi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olgan "Shurtan GKM" MCHJ Bosh direktori, O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi Sh.Aslanov joriy yilning 16 yanvarida Prezidentimiz raisligida 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, viloyatimizdagi sanoat korxonalari, jumladan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi jamoasi oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimiz rahbari tomonidan mamlakat rivoji uchun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlarni keltirib o‘tganligi hamda mamlakat rahbariyati oldida turgan xalq farovonligini oshirish borasidagi maqsadlar bilan o‘rtoqlashgani uchun O‘zLiDep Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Hayitovga yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati