Ma’lumki, joriy yilning 25-yanvar kuni Markaziy Osiyoning yagona elektr tarmog‘ida ro‘y bergan avariya “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish obyektlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Shu munosabat bilan Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan tizimdagi ishlab chiqarish obyektlariga yetkazilgan salbiy ta’sirni bartaraf etish hamda ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tezkor videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Xususan, O‘zbekneftgaz” AJ Bosh energetika bo‘limi tomonidan aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi boshqarma va korxonalarning energetika tizimi bo‘ycha mas’ul rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida onlayn yig‘ilish o‘tkazildi.

Mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilish kun tartibi Boshqaruv raisi topshiriqlarining ijrosiga bag‘ishlandi. Shuningdek, korxonalarning elektr energiyasi tizimida favqulodda holatlarda yuz beradigan salbiy holatlarni bartaraf etish hamda elektr energiya tizimi barqaror ishlashini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Soha mutaxassislariga boshqarma va korxonalarning strategik ahamiyatga ega obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash tizimini joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sho‘rtan, Muborak, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi obyektlarida (“Uzbekistan GTL” MCHJ, “Uz-Kor Gas Chemical” QK MCHJ va Ustyurt GQCHB) avtonom elektr energiyasi bilan ta’minlash tizimini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Ishlarni tezkor, sifatli bajarilishi yuzasidan rejalar ishlab chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz