O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘ringa ega neft-gaz tarmog‘iga qaratilayotgan e’tibor tufayli bugun tizim faoliyatini zamon talabi darajasida tashkil etish uchun bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

2020 yil 28 avgust kuni aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada ko‘paytirish maqsadida 2017-2020 yillarda “Muborak” gazni qayta ishlash zavodida propan-butan ajratib olish qurilmasining 1-2-3- tarmoqlari modernizatsiya qilingani va 4-tarmog‘ida qurilish tugatilib, ishga tushirilgani munosabati bilan tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzaev, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev, “Muborak” gazni qayta ishlash zavodi direktori Shermat Shamsiev tantanali ochilish marosimida nutq so‘zlab, bu qurilmaning samarasi va imkoniyatlari haqida tushuntirish berishdi.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari, muhtaram Prezidentimiz neft-gaz sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgani va bu o‘z navbatida katta mas’uliyat yuklayotganini aytib o‘tdi.

– Ayniqsa, bugun “Muborak” gazni qayta ishlash zavodida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlarining yakunlanishi islohotlar ijrosi deyish mumkin. Jarayonda o‘tkazilgan onlayn muloqotlarda rossiyalik va ukrainalik mutaxassislarning tavsiyalar ham amaliy ko‘mak berdi. Modernizatsiya ishlarida mahalliy mutaxassislar mehnati beqiyosdir. Bugungi murakkab pandemiya holati bizni mustaqil ishlashga o‘rgatdi, – deya alohida ta’kidladi Mehriddin Abdullaev.

Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 75 mln. dollarni tashkil etdi.

Qurilmani ishga tushirish natijasida, yiliga qo‘shimcha 62 ming tonna suyultirilgan gaz va 22,5 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi. Shuningdek, ayni paytda 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Mamlakatimizda pandemiya sharoitiga qaramay, ushbu vazifani o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida barcha kuchlar safarbar qilindi, karantin davrida qurilish ishlari uzluksiz davom ettirildi.

Qurilish ishlarini mahalliy “Neftgazmontaj” korxonasi amalga oshirilib, texnologik uskunalar Germaniyaning “Linde”, “Grosman”, Ukrainaning “Sumsk”, “Motor Sich”, “Turbogaz” zavodlari, shuningdek maxalliy kompaniyalar – “O‘zbekximmash”, “Toshkent quvur zavodi”, “O‘zpromarm” va boshqa korxonalar tomonidan yetkazib berildi.

Loyihani amalga oshirishda faol xizmat ko‘rsatgan xodimlar ikkita “Spark” avtomashinasi, muzlatkich va televizor kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Ushbu loyihaning ishga tushirilishi xalqimizga Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: “Muborak” gazni qayta ishlash zavodi 1971 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, tabiiy gazni oltingugurtli birikmadan tozalash va quritish, texnikaviy oltingugurt ishlab chiqarish, barqaror gaz kondensati hamda suyultirilgan gaz ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan. Qurilmalarda yiliga 400 ming tonna oltingugurt mahsuloti ishlab chiqariladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz