Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sport turlarini rivojlantirish, sexlararo jamoaviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida ishchi-xodimlar o‘rtasida sportning bir qator turlari bo‘yicha doimiy musobaqalar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, majmuada 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlar o‘rtasida tashkil etilgan «Mini futbol-2022» chempionati ham yakuniy pallasiga kirib, musobaqaning final bahslari o‘tkazildi.
Dastlab, 3-o‘rin uchun "Ichki suv ta’minoti" sexi jamoasi va "Qarshitermoplast+UJFX" birlashgan jamoasi o‘zaro bellashdilar.
O‘zaro teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning asosiy daqiqalarida 3:3 hisobi qayd etilib, g‘olib aniqlanmadi. Asosiy daqiqalarda g‘olib nomi aniqlanmagach penaltilar seriyasida "Qarshitermoplast+UJFX" birlashgan jamoasi 0:2 hisobida g‘alaba qozonib chempionatning 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Keskin va murosasiz o‘tgan final uchrashuvida esa "Tashqi suv ta’minoti" sexi jamoasi, "Polietilen ishlab chiqarish" sexi jamoasini 5:2 hisobida mag‘lub etib, bu yilgi "Mini futbol-2022" chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Bu yilgi musobaqa yakunida quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlab olinib, Majmua rahbariyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Turnirning eng yaxshi o‘yinchisi - Tashqi suv ta’minoti sexi jamoasi a’zosi Elnur Joriyaqulov
Turnirning eng yaxshi darvozaboni - Polietilen ishlab chiqarish sexi a’zosi Umid Namozov
Turnirning eng yaxshi himoyachisi - Ichki suv ta’minoti sexi a’zosi Baxtiyor Bo‘riyev
Turnirning eng yaxshi hujumchisi - Elektr ta’minoti sexi a’zosi Nuriddin Muborakov
Chempionat to‘purari - Qarshitermoplast jamoasi a’zosi Anvar Shomurodov
Turnirning eng yaxshi yosh o‘yinchisi - Elektr ta’minoti sexi a’zosi Asqar Xolboyev
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|