“O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Moskvada Rossiya Federatsiyasidagi kompaniyalar bilan ikki tomonlama manfaatli hamda istiqbolli hamkorlik masalalarini hal qilish maqsadida muzokaralar o‘tkazmoqda.
Jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev Moskva shahrida “EKSAR” eksport sug‘urta agentligi Bosh direktori Gusakov Nikita Valerevich bilan muzokara o‘tkazdi.
Muzokara davomida “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatining uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan loyihalari muhokama qilindi, unda Rossiya banklarining kredit mablag‘lari uchun sug‘urta qoplamasini olish masalasi ko‘rib chiqildi.
Sug‘urta agentligi 2017–2021 yillarda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirishni tashkil etishda faol ishtirok etib, rivojlanayotgan Rossiya banklari sindikatidan olingan kredit bo‘yicha 150,0 million dollar miqdoridagi mablag‘ bilan ta’minlamoqda.
Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi 2021 yilda burg‘ilash va geologiya-qidiruv ishlarini olib borishda kerakli bo‘ladigan moddiy-texnik resurslarni sotib olish uchun “EKSAR” eksport sug‘urta agentligidan mablag‘ jalb qilish, bu uglevodorodlar ishlab chiqarishni jadallashtirishga asos bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ mamlakat iqtisodiyoti va respublika aholisini uglevodorod xomashyosi bilan ta’minlash uchun uglevodorod ishlab chiqarishning prognoz darajasini ta’minlash maqsadida neft va gaz ob’yektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Uchrashuv doirasida tomonlar sug‘urta qoplamasi parametrlarini, kredit xarajatlarini kamaytirishni, kredit bo‘yicha optimal stavkani belgilashni, shuningdek, yuqori texnologiyali uskunalar va Rossiya ishlab chiqarish xizmatlarini sotib olishni moliyalashtirish uchun indikativ shartlarni muhokama qildilar.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan