"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda yoshlar siyosati bo‘yicha 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va "2024-yil - Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da Yoshlar ittifoqi SHGKM boshlang‘ich tashkiloti oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda majmua Yoshlar ittifoqi BT yetakchisi, yo‘nalish bo‘yicha koordinatorlar, sex, tarmoq, xizmat va bo‘limlardagi yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi.
Dastlab, majmuada yoshlar siyosati bo‘yicha 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, amalga oshmay qolgan loyihalar va bunda yetakchilar kengashining belgilangan vazifalarga bo‘lgan munosabati tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, korxona tarkibidagi sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlar rahbarlarining yoshlar bilan ishlash yuzasidan yondashuvi, yoshlar muammolari va takliflariga bo‘lgan munosabati yetakchilar bilan alohida suhbat asosida o‘rganildi.
Yoshlar yetakchilariga "O‘zbekneftgaz" AJ tizimida yangidan shakllantirilayotgan "Yoshlar balansi" va "Yoshlar ombori" haqida tushunchalar berildi va bu boradagi vazifalar taqsimlab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash va o‘z iqtidorlarini har tomonlama namoyon etishiga imkoniyat yaratish maqsadida majmuada tashkil etilgan sport musobaqalari, “Zakovat”, "Breyn-ring" intellektual o‘yinlari, kitobxonlik tanlovlari, ratsionalizatorlik va startap loyihalarida hamda muhim sanalar munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan ko‘ngilochar tadbirlarda yoshlarni faolligini yanada oshirish yuzasidan yetakchilarga topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, sex, tarmoq, xizmat va bo‘limlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va boquvchisini yo‘qotgan yoshlarga ko‘maklashish, shuningdek, ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga alohida e’tibor qaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish so‘ngida, 2024-yil uchun tuzilgan reja-dastur asosida ishlarni tashkil etib, majmua yoshlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga kelishib olindi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati