Barchamizga ma’lumki, 2023-yil 30-aprel, yakshanba kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish belgilandi. Shu munosabat bilan, yurtimiz bo‘ylab “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari samarali o‘tkazilmoqda.
Jumladan, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda 2023-yil 19-aprel kuni Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari” mavzusida targ‘ibot tadbiri va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda, poytaxtdan tashrif buyurgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan taniqli san’atkorlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, Majmua ishchi-xodimlariga yangilanayotgan Konstitutsiyaning muhim jihatlari, mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimchalar va o‘zgarishlar xalqimizning turmush tarzini yanada farovonlashishiga, inson qadrini bundanda yuksalishiga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ma’lumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda.
Tadbirda so‘z olganlarning barchasi joriy yilning 30-aprel kuni respublikamizda bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida barchani o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Shundan so‘ng, san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etilib ishchi xodimlarga hush kayfiyat ulashildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati