Joriy yilning 4-7-iyul kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining Miroqi shaharchasida joylashgan “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda faoliyat olib borayotgan malakali yosh mutaxassislar va rahbar xodimlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” shiori ostida "SHGKM Yoshlari: harakatdan - taraqqiyot sari" nomli ustoz-shogird va rahbarlar forumi o‘tkazildi.

Mazkur forum majmuada mehnat qilib kelayotgan yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va shaxsiy kamolotini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda majmuada kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Forumning dastlabki kuni tantanavor ochilish marosimi bilan boshlandi va guruhlarga bo‘lingan jamoalarning qisqa vaqt ichida tayyorlagan qiziqarli taqdimotlari bilan davom etdi.

Shundan so‘ng, forum dasturiga muvofiq sportning futbol, voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi, suv polosi, quvnoq merganlik va kibersport turlari bo‘yicha musobaqalarga start berildi.

Forumning ikkinchi kuni qiziqarli timbildinglar bilan boshlanib, sport musobaqalarining pley-off bosqichlari bilan davom etdi.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilarni ilm olishga, kitob o‘qishga, izlanishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Zakovat Quiz" intellektual o‘yini tashkil etildi.

Forumning uchinchi kuni barcha musobaqalar va turnirlarning final qismi o‘tkazildi. Tashkil etilgan futbol, voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi, suv polosi, quvnoq merganlik va kibersport kabi musobaqalarda ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy va intellektual salohiyatini namoyish etishdi.

Kunning oxirida, osh chempionati o‘tkazildi. Bu chempionatda rahbarlar va ulurning shogirdlari o‘zlarining osh tayyorlashdagi mahoratlarini namoyish etishdi.

Forum jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlarga boy bo‘lib, ishtirokchilarga katta zavq va ilhom bag‘ishladi. Tadbir ishtirokchilariga yangi bilimlar va malaka oshirish imkoniyati berildi, shuningdek, ularning o‘zaro hamkorlik va aloqalarini yanada mustahkamlash uchun imkoniyat yaratildi.

Forumning yopilish marosimida o‘tkazilgan barcha sport musobaqalari va bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati