Joriy yilning oktyabr oyida Shurtan gaz kimyo majmuasida, texnologik jarayonlarining ish samaradorligi va ishonchliligini oshirish maqsadida bir qator qurilma va uskunalarda joriy ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish ishlari rejalashtirilgan edi. 
Ayni kunlarda, rejali joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida qabul qilinayotgan gaz bosqichma-bosqich kamaytirilib, texnologik qurilma va jihozlarda ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Ushbu joriy ta’mirlash ishlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jami 941 ta ishlar uchun qaydnomalar hamda ta’mirlash uchun barcha hujjatlar tayyorlanib ro‘yxatdan o‘tkazilgan va bosh mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan.
Xususan:
- Etilen ishlab chiqarish sexida 228 ta;
- Polietilen ishlab chiqarish sexida 160 ta;
- Bug‘ gaz havo ta’minoti sexida 87 ta;
- Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika sexida 221 ta;
- Elektr ta’minoti sexida 171 ta;
- Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexida 2 ta;
- Ichki suv ta’minoti sexida 64 ta;
- Oqova suvlarni tozalash sexida 8 ta banddan iborat profilaktik ko‘rik o‘tkazish, ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, kamchiliklar qaydnomalari asosida profilaktik-ta’mirlash ishlari vaqtida bajariladigan ishlar ro‘yxati, tarmoq jadvali va ta’mirlash vaqtida zarur bo‘ladigan material-texnik resurslar, asbob-uskunalar va maxsus texnikalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Bundan tashqari, ta’mirlash ishlari hajmi katta ekanligini inobatga olgan holda ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida xalqaro kompaniya vakillari va turdosh korxonalardan yordamchi ishchi kuchi va maxsus texnikalar jalb qilingan.
Xususan:
- "Buxoro neftni qayta ishlash zavodi" MCHJ mutaxassislari ishtirokida EA-1706A/B/C, EA-1821A/B/C, EA-1118, EA-1119, EA-1501A/B/C/D va boshqa issiqlik almashish apparatlarini yuvish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
- "Trubodetal" UK mutaxassilari bilan majmua texnologik kuvurlarining payvand choklariga termik ishlov berish ishlari olib boriladi.
- Majmuaning BA-1101, BA-1102, BA-1103 pech pirolizlarining transfer quvuridagi 2 diskli zadvijkalarini montaj va rostlash (naladka) ishlarini hamkorlikda bajarish uchun "ZMK Technologies GmbH" (Germaniya) kompaniyasi mutaxassislari jalb qilingan.
- Avariya holatlariga qarshi himoya va blokirovka (HIMA) boshqaruv tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida «HIMA Middle East FZE» kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida boshqaruv tizimlarining modernizatsiya ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
- Bug‘ gaz havo ta’minoti sexi PA-6101AX/BX qozonlarining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasi yuzasidan «Mechanics» MCHJ kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida ushbu ishlarini amalga oshirishga kelishilgan.
- Bug‘ gaz havo ta’minoti sexi Demin suv olish qurilmasining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish loyihasi yuzasidan “Aquatech International LLC” AQSH kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida boshqaruv tizimlarining modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, rejali joriy ta’mirlash ishlari va modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarida kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan noxush hodisalarning oldini olish hamda texnologik qurilma va uskunalarning uzoq muddat sifatli va samarali ishlashini ta’minlash uchun xizmat qiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati