“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarib borish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, majmua rahbariyati tomonidan tasdiqlab berilgan yo‘l xaritasiga asosan "Qarshitermoplast" sexi mutaxassislari sexning asosiy ishlab chiqarish liniyalarida bir qator ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini amalga oshirmoqdalar.

Xususan:
Polietilen granulasidan egiluvchan va bosimga chidamli quvurlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan SJ-90/25 ekstruder qurilmasi va diametri 75 mm dan 250 mm gacha bo‘lgan bosimga chidamli polietilen quvurlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan SJ-90/33 ekstruder qurilmasi uzoq muddat davomida uzluksiz ishlaganligi sababli asosiy ekstruder reduktorlari yuqori tezlikda ishlaganda qurilmada ortiqcha tebranishlar hosil bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatini pasayishiga sabab bo‘layotgan edi.

Ushbu tebranishni bartaraf etish maqsadida sex va majmua mutaxassislari tomonidan qurilmalar reduktorida taftish ishlari olib borildi. Olib borilgan taftish davomida ma’nan eskirgan ehtiyot qismlar yangisiga almashtirildi. Natijada SJ-90/25 ekstruder qurilmasining ishlab chiqarish quvvati 30 foizdan 75 foizga, SJ-90/33 ekstruder qurilmasining samaradorlik ko‘rsatgichi esa 45 foizdan 70 foizga oshirilishiga erishildi.

Bundan tashqari sexda o‘rnatilgan T-2 issiqlik almashinish apparatining ichki quvurlari maxsus bosim ostida yuvish qurilmasi orqali tozalandi. Uzoq yillardan beri foydalanib kelinayotgan ushbu qurilmani sovitish samaradorligi tozalashdan keyin 70 foizga ortdi.

Shuningdek, hozirgi kunda bozor talabi va iste’molchilar xohishini inobatga olib "Qarshitermoplast" sexida polietilen chiqindilarni maydalash uchun shreder qurilmasi hamda diametri 32mm dan 90mm gacha va 50mm dan 250mm gacha bo‘lgan bosimga chidamli quvurlar ishlab chiqarish ekstruder liniyalari xarid qilingan bo‘lib, hozirgi kunda o‘rnatish va montaj ishlariga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari "Qarshitermoplast" sexida kelgusida xarid qilish va o‘rnatish maqsadida polietilen chiqindilarni granulalash ekstruder liniyasi, diametri 75mm, 90mm, 110mm va 160mm o‘lchamdagi flanes vtulkalari va suv oqish sarfi 0÷8 litr/soat bo‘lgan tomizg‘ichlarni ishlab chiqarish press-qoliplari uchun texnik topshiriqlar rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning xaridlarini amalga oshirish uchun marketing izlanishlari olib borilmoqda.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|