Bugungi kunda atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish dunyo miqyosidagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Tabiat ne’matlaridan foydalanilganda avvalo tejamkor texnologiyalardan foydalanishni yo‘lga quyib atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish eng muhim vazifalardan biridir.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Atrof muhit muhofazasi xizmatining tashabbusi bilan majmuamizda joriy yilning 20 fevralidan 20 martigacha Navro‘z umumxalq bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda majmuada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini o‘tkazish maqsadida majmua Bosh direktori va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda 17.02.2023 yilda 090/4-m sonli chora tadbirlar ishlab chiqildi.

Ushbu chora-tadbirlar doirasida majmua hududi va unga qarashli barcha obyektlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, yer maydonlariga agrotexnik ishlov berish, gul va daraxt ko‘chatlari ekish, daraxt va butalarga shakl berish, quduqlar va ariqlar ichini tozalash, yo‘l cheti to‘siqlarini (bardyorlar) oqlash, qurilmalar hududi va atrofini tozalash ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Bu borada majmua markaziy laboratoriyasi xodimlari boshqa sexlarga namuna sifatida o‘rnak bo‘lmoqda. Hozirgi kunga qadar laboratoriya hududiga 53 dona manzarali daraxtlar ekildi, jami 570 dona mevali va manzarali daraxtlarga ishlov berildi, daraxt ostlari va yo‘l cheti to‘siqlari (bardyorlar) oqlandi, 1500 dona gul ko‘chatlari ekildi.

Ma’lumki bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan ham hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda. Zero, har bir ekilgan nihol kelajakda ulkan daraxtga aylanib, tabiatning go‘zalligini, atmosfera havosining musaffoligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.


«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|