Joriy yilning 13 fevral kuni "Shurtan GKM" MCHJ Boshqaruv apparatida, majmuada 2024 yil 1-chorakda ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilish holati, ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligini doimiy ta’minlash, joriy yil oktyabr oyida amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda rejalashtirilayotgan “Shatakka olish” loyihalarini amalga oshirish borasidagi masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Dastlab yig‘ilishda majmuada joriy yil 1-chorakda barcha ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash hamda 2024 yil oktyabr oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan joriy ta’mirlash ishlariga tayyorgarlik holati, texnologik jarayonlarni modernizatsiyalash yuzasidan ta’minot holati muhokama etildi.
“O‘zbekneftegaz” AJning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan “Shatakka olish” dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi kundagi holati bo‘yicha ma’lumot berildi, ushbu loyihalarni o‘z muddatida amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Mehnatni tashkillashtirish va ish haqi bo‘limi, Murojaatlar bilan ishlash va ijro nazorati xizmati hamda Axborot xavfsizligi bo‘limining 2023 yil yakunlari bo‘yicha tahliliy hisobotlari tinglandi.
- Yig‘ilishda kelgysida amalga oshiriladigan ishlar kengaytirilgan tartibda muhokama etilib, Bosh direktor tomonidan barcha mas’ullarga berilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash borasida quyidagicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi:
- Fevral oyida kutilayotgan qisqa muddatli sovuq ob-havoni inobatga olgan holda majmuada ishlab chiqarish qurilmalarini bir maromda va barqaror ishlashini nazoratga olish va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish;
- 2024 yil 1-chorak uchun belgilangan ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlari bajarilishini qat’iy nazoratga olish;
- Oltingugurt olish qurilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha barcha tegishli hujjatlarni tayyorlash va texnik yig‘ilish o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish;
- Majmuada mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishda jarohatlanishlarni oldini olish hamda sog‘liqni saqlash va mehnat xavfsizligini ta’minlashga doir ishlab chiqilgan chora-tadbirlar, o‘tkazilgan turli pog‘ona tekshiruvlari natijasida aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini nazoratga olish va natijasi bo‘yicha har chorak yakuni bo‘yicha rahbariyatga tahliliy ma’lumotlar taqdim etish;
- Ishlab chiqarish jarayonlarini barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan kimyoviy reagentlarni o‘z muddatlarida olib kelinishini doimiy ravishda nazoratga olish;
- Oqova suvlarni tozalash va texnologik jarayonda qayta foydalanish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qisqa muddatda aniq taklif loyihasini tayyorlash;
- "Qarshitermoplast" sexi hududida barpo etilayotgan “Sanoat zonasi”da yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yakuniy loyihalar ro‘yxatini taqdim etish;
- Zavod hududi bo‘ylab daraxt ko‘chatlarini ekish ishlarini jadallashtirish hamda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish;
- Majmuada axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot almashish va maxsus hujjatlar bilan ishlashni to‘g‘ri tashkil etishni doimiy nazoratga olish;
- Majmuada 21 mart – “Navro‘z” umumxalq bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha taklif loyihasini kiritish.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati