"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda kuz-qish mavsumida xodimlar o‘rtasida mavsumiy gripp tarqalishini oldini olish maqsadida majmuaga qarashli poliklinikada ishchi-xodimlarni ixtiyoriy ravishda Niderlandiyada ishlab chiqarilgan Inflyuvak Tetra vaksinasi bilan emlash ishlari olib borilmoqda.
Barcha vaksinalar singari grippga qarshi vaksina ham odam organizmida 15 kun ichida mikroblarga qarshi immunitet hosil qiladi. Ta’sir kuchi 1 yilgacha saqlanib qoladi. Bu kasallikka qarshi emlash orqali aholi orasidagi nafas yo‘li kasalliklarini kamaytirish mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, emlashdan so‘ng kasallikka chalinish xavfi 70-90 foizga kamayadi. Gripp virusiga qarshi vaksina bilan emlash organizmda virusga qarshi immun tizimining kuchayishiga olib keladi. Ularga gripp kasalligi yuqqan taqdirda ham yengil kechadi.
Vaksinatsiya jarayonida shaxsning umumiy salomatligi tekshiriladi. Bu vaqtda emlanadigan fuqaro shamollash, nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kabi kasalliklardan batamom holi bo‘lishi zarur. Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta’sirchanlik ham bo‘lmasligi kerak.
Vaksina gripp bilan bog‘liq inson salomatligiga ta’sir qiluvchi nojuya asoratlar xavfini kamaytiradi. Shu sababdan, ayni kunlarda grippga qarshi vaksina olish to‘g‘ri tanlovdir.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati