Bozor munosabatlariga o‘tish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida korxonalarda xodimlar bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarni shartnomalar asosida tartibga solish, ijtimoiy sherikchilik tamoyilini rivojlantirish jamoa shartnomasi va kelishuvlari orqali amalga oshiriladi.
Xususan, 2023 yil 13 oktyabr kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ ma’muriyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida 2022-2024 yillar uchun qabul qilingan jamoa shartnomasining 2023 yilning 9 oyi davomida bajarilishi hamda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksi asosida tuzilgan 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan Konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston energetika, neft va gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi viloyat Kengashi vakillari, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ma’muriyati, majmua Kasaba uyushmasi qo‘mitasi jamoasi hamda majmuaning sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlaridan saylangan delegatlar ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda dastlab “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ jamoa shartnomasining 2021, 2022 yillar kesimi bo‘yicha statistik ma’lumotlari va 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida bajarilgan ishlar yuzasidan SHGKM Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Turakulovning hisobot ma’ruzasi tinglandi.
Ma’ruzaga ko‘ra, ishchi-xodimlar yil mobaynida moddiy, tibbiy va ma’naviy qo‘llab–quvvatlangan. Shuningdek, samarali xizmat qilgan xodimlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, o‘z vazifasiga vijdonan yondashayotgan ishchi-xodimlar muntazam ravishda rag‘batlantirilib borilayotganligiga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, Shurtan gaz kimyo majmuasi Bosh direktori Sh.Aslanov so‘z olib majmuada jamoa shartnomasining bajarilishi va kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar yuzasidan ijobiy fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.
“Inson qadri uchun” degan tamoyil hayotimizda tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda. Binobarin, ushbu tamoyil yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratish, jamiyatda inson qadrini ulug‘lashni nazarda tutadi. Keyingi yillarda barcha sohalar qatori, neft-gaz va kimyo sanoati sohasida, shu jumladan, Shurtan gaz kimyo majmuasida ham keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirilib, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamoa shartnomasiga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar va ko‘shimchalar ham mehnatga haq to‘lash shakllari va tizimlarini, talabga muvofiq bo‘lgan kadrlarni tayyorlash sifatini ta’minlashga, xodimlarimiz va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonaman - deydi Shurtan gaz kimyo majmuasi Bosh direktori Sh.Aslanov.
Shundan so‘ng 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasi bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi. Majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi mutasaddilari tomonidan kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlar berilib, delegatlar tomonidan berilgan barcha savollarga asosli ravishda batafsil javoblar berildi.
Konferensiyada so‘z olgan delegatlar tomonidan so‘ngi yillarda majmuada amalga oshirilayotgan ijtimoiy imtiyozlarning amaliy natijasi korxonada xizmat qilayotgan har bir xodimning kundalik faoliyati va turmush sharoitida yaqqol namoyon bo‘layotgani alohida e’tirof etildi.
Muzokara va muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan Shurtan gaz kimyo majmuasi jamoa shartnomasining 2023 yilning o‘tgan 9 oyi bo‘yicha bajarilishi qoniqarli deb baholandi. Shuningdek, yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksiga asosan Jamoa shartnomasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar jamoa bilan kelishib olindi va bir ovozdan 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi ma’qullandi.
Ta’kidlash joizki, jamoa shartnomasi ish beruvchi va korxona xodimlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, mehnatkashlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan, axloqiy me’yorlar, mehnat intizomi, ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarni himoya qilishni ta’minlaydigan hujjatdir.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati