Bugungi kunda Respublikamizning neft va gaz sanoatida dunyodagi eng ilg‘or kompaniyalarning murakkab konstruksiyali texnologik qurilmalari va mashina mexanizmlari ishlatilib kelinmoqda. Shu jumladan, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ko‘plab murakkab texnologiyalar qatorida Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyasida ishlab chiqarilgan bug‘ turbinalari va kompressorlaridan foydalanib kelinmoqda. Ushbu mashina mexanizmlarni uzoq muddat xavfsiz va uzluksiz ishlashini ta’minlash, hamda sifatli texnik xizmat ko‘rsatish uchun esa albatta malakali kadrlar talab etiladi.
Shuni inobatga olgan holda “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi korxonalar va tashkilotlarda, shu jumladan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda malakali kadrlar tayyorlash va ularning tajriba ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan qator amaliy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 9-17 sentyabr kunilari “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbariyati tashabbusi bilan majmuaning bir guruh mutaxassislari Yaponiya davlatida bo‘lib, “Mitsubishi Heavy Industries Compressor” kompaniyasining o‘quv trening kurslarida malaka oshirib qaytishdi.
O‘quv trening kurslarida majmua mutaxassislari tomonidan majmuadagi mavjud kompressor va bug‘ turbinalari, ularni xavfsiz ishlatish, texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘lik muammolarni kamaytirishning yangi usullari o‘rganildi, shuningdek, noxush vaziyatlarning oldini olish maqsadida 43 turdagi noxush hodisalar ish rejimida simulyatsiya jarayonlari bevosita amaliy mashg‘ulotlarda bajarib ko‘rildi.
Bundan tashqari, majmuadagi mavjud kompressor va bug‘ turbinalarining boshqaruv tizimi, nazorat va boshqaruv klapanlari, Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari to‘g‘risida ma’lumotlar maxsus video darslik va maxsus effektlardan foydalangan holda jarayonlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olingan video faktlar orqali tushuntirib berildi.
Majmua mutaxassislari tomonidan ushbu o‘quv trening jarayonlaridan olgan malaka va ko‘nikmalari, kelgusida ish faoliyatlari va ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llashda hamda yosh kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati