”O‘zbekneftgaz”: Neft va gaz uskunalarini yetkazib berishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga keng imkoniyatlar berilmoqda
“O‘zbekneftegaz” AJ korxonalari ishlab chiqarish faoliyati hamda ularda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari uchun yuqori quvvatli neftgaz uskunalari “O‘zbekximmash Zavodi” AJ tomonidan yetkazib berilmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida mazkur korxona bilan umumiy qiymati 60 mlrd. so‘mdan ziyod 100 dan ortiq turdagi mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
“O‘zbekneftegaz” AJ departamentlari xodimlari, tizimdagi barcha korxonalarning bosh mexaniklari hamda “O‘zbekximmash Zavodi” AJ rahbar va mutaxassislari ishtirokida videokonferensaloqa orqali buyurtmalarda mahsulot sifatini oshirish, ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ishlab chiqarish jarayonlarini jadallashtirish hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.
Muhokamalar bevosita “O‘zbekximmash Zavodi” AJ ishlab chiqarish obyektlarida davom ettirildi. Tashrif davomida buyurtmalar portfeli bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish jarayoni to‘liq ko‘zdan kechirildi, aniqlagan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi oldiga tegishli talablar qo‘yildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra mavjud masalalarni hal qilish bo‘yicha ijrochilar va ularni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy muddatlar belgilab olinib, tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekximmash Zavodi” AJ Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan bo‘lib, u 1941 yilda tashkil etilgan. Korxona ustavidagi davlat ulushi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 09.07.2019 yildagi PQ–4388-sonli qarori asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berilgan. Korxona yoqilg‘i-energetika korxonalari uchun katta hajmdagi idishlar, teploobmenniklar, filtrlar, adsorberlar, nasoslar kabi yirik quvvatli uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan