Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda
2021-yil davomida “Respublika hududiy tarmoqlararo ko‘rgazmalar” doirasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi MCHJ va "NEO STEKLOPLAST" MCHJ korxonasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Ushbu ko‘rgazmada olib borilgan muzokaralar natijasida majmua Etilen ishlab chiqarish sexining issiqlik almashinuv qurilmasi (AVO) parraklarini Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganildi.
2022-yilning fevral oyida "NEO STEKLOPLAST" MCHJ korxonasi vakillari majmuaga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mahalliy ishlab chiqaurvchi korxona vakillari va majmua mutaxassislari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonaga Etilen ishlab chiqarish sexining issiqlik almashinuv qurilmasi (AVO) parraklarining namunalari berildi.
Uchrashuv so‘nggida majmua rahbariyati tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonaga zarur ehtiyot qismning texnik ko‘rsatkichlari asosida sifatli va arzon mahsulot yetkazib berish talabi qo‘yildi.
Joriy yilning mart oyida "NEO STEKLOPLAST" MCHJ tomonidan yasalgan parraklar namunalari majmuaga keltirildi va mutaxassislar tomonidan aprobatsiya jarayonlari amalga oshirildi. Bugungi kunda aprobatsiya jarayonlari ijobiy yakunlanganligi munosabati bilan ushbu mahalliy parraklarning xaridi bo‘yicha buyurtma portfeli shakllantirilmoqda.
Ushbu ehtiyot qismlar majmua ishga tushirilganidan buyon bugungi kungacha xaridi amalga oshirilmagan. Ishlab chiqarish zaruriyati hamda mutaxassislar talabidan kelib chiqib ushbu mahalliy parraklardan 7 to‘plam xarid qilish rejalashtirilmoqda va bu o‘z navbatida umumiy qiymati taxminan 161 000 AQSH dollari miqdorida valyuta mablag‘larini tejalishiga erishiladi.
Kelgusida, bu kabi mahalliy korxonalar ishlab chiqarayotgan va bugungi kunda import o‘rnini bosuvchi mexanik ehtiyot qismlar bilan majmua ehtiyoji ta’minlanishi natijasida import mahsulot xaridini kamaytirish va o‘z o‘rnida iqtisodiy tomondan tejamkorlikka erishish maqsad qilib borilmoqda.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati