“Shurtan GKM” MCHJda muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik jihozlarning 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumida uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, past, yuqori va o‘ta yuqori bosim ostida ishlaydigan kondensatootvodchiklar va bug‘ yo‘ldoshlarining texnik holatini tekshirish, tekshirish natijasiga ko‘ra aniqlangan, ma’nan eskirgan kondensatootvodchiklar va bug‘ yo‘ldoshlarini yangisiga almashtirish ishlari olib borilmoqda.

Majmua texnologik hududidagi sexlarga tegishli obyektlarning isitish qurilmalaridagi issiqlik almashish apparatlari, nasoslar, quvurlar va quvurbog‘lagichlarning holatini tekshirish, ta’mirlash hamda tekshirish natijasiga ko‘ra yaroqsiz holga kelgan uskunalar, quvurlar hamda quvur bog‘lagichlarni yangisiga almashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, texnologik qurilmalardagi quvuruzatgich izolyatsiyalari, mahkamlovchi armatura korobkalari va texnologik apparatlar izolyatsiyalarining yaroqsiz joylarini qisman almashtirish ishlari bajarilib, kuz-qish mavsumda talofatsiz ishlashi uchun tayyor holatga keltirildi.

Bundan tashqari nazorat o‘lchov asboblarining impuls trubkalari izolyatsiyasi, isitish tizimi liniyalari hamda bog‘lovchi qutilarining germetik holatini tekshirish va kamchiliklarini bartaraf qilish bo‘yicha amaliy ishlar bajarilmoqda.

Shuningdek, majmuada o‘tgan qish mavsumida kuzatilgan anomal ob-havoni e’tiborga olgan holda asosiy ishlab chiqarish jarayonlaridagi qurilma va jihozlarni betalofat ishlatish va sovuqdan himoya qilish bo‘yicha alohida chora-tadbir ishlab chiqilgan bo‘lib, bu borada ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|