BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korruptsiyaga qarshi kurashish” loyihasi doirasida “Korruptsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish” mavzusida o‘quv amaliy vebinari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu vebinar “KPMG” xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi ekspertlari Irina Burdikova va Petr Serdyuklar tomonidan o‘tkazildi.

Unda Departament, mustaqil bo‘linmalar hamda tizim korxona va tashkilotlarida faoliyat yuritadigan moliya-xo‘jalik, personalni boshqarish, yuridik sohalarda, xaridlar, g‘aznachilik hamda buxgalteriya operatsiyalari xodimlari va komplaens inspektorlikka nomzodlar, jami 200 dan ziyod mas’ullar qatnashishdi.

Vebinarni “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplaens nazorati departamenti boshlig‘i Z. Ivatov ochib berib, Davlat rahbari, hukumat va “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJda ochiq-shaffof tizim yaratilishida amalga oshirilgan ishlarga, shuningdek, loyiha doirasida “KPMG” xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ishlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, Jamiyat tomonidan qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati, Axloq kodeksi, Axloq komissiyasi to‘g‘risidagi, Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi, Xayriya va homiylik yordamini ko‘rsatish to‘g‘risidagi, ish yuzasidan sovg‘alar va mehmondo‘stlik belgilari to‘g‘risidagi, xizmat tadbirlari va vakillik xarajatlari to‘g‘risidagi Nizomlar, Jamiyat kontragentlarini (hamkorlarini) o‘rganish to‘g‘risida, Nomzodlarni ishga qabul qilishda o‘rganish va Xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomalar, Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xodimlarni o‘qitish ishlarini tashkil qilish yuzasidan metodik qo‘llanmalar hamda boshqa ichki lokal hujjatlarga alohida to‘xatilib o‘tildi.

Onlayn uchrashuv so‘nggida, tomonlar joriy yilning 10 dekabr sanasida “KPMG” xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi vakillari tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish mavzusida “O‘zbekneftgaz” AJ binosida seminar o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga kelishib olishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz