Joriy yiling 10 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korruptsiyaga qarshi kurashish” loyihasi doirasida “KPMG” xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJda joriy etilayotgan to‘rt bosqichli korruptsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimining 3-bosqichi doirasida o‘quv- amaliy seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Seminarda “KPMG” kompaniyasi ekspertlari Irina Burdikova, Pyotr Serdyuk va Farrux Abdullaxanov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Nodira Zikrillaevalar, “O‘zbekneftgaz” AJning departamentlari va bo‘limlarining mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan Jamiyatda komplaens sohasida qabul qilingan ichki me’yoriy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish, korruptsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, monitoring qilish va hisobotlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi va tegishli taqdimot o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida mavzuga oid blits – so‘rovlar, turli viktorinalar va korruptsiyaga qarshi taomillarni monitoring va nazorat qilish bo‘yicha savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Samarali va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tkazilgan seminarda “KPMG” kompaniyasi ekspertlari tomonidan Jamiyatda komplaens sohasida olib borilayotgan amaliy ishlarga ijobiy baho berildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan