Shu yil 20-may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilganligi haqida eshitgansiz. Komissiya a’zolari Bosh Qomusimizni isloh qilish bo‘yicha bildirilayotgan takliflarni o‘rganish maqsadida joylarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, OzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov va O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Shuhrat Aslanov ishtirokida “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasida o‘tkazildi.
Korxona ishchi-xodimlari va partiya faollari qatnashgan mazkur uchrashuv qizg‘in fikr almashuvlar tarzida o‘tib, unda Konstitutsiyamizni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ham bildirildi.
Uchrashuvda O'zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar partiyalarning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang ekanligi bildirib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan taklifini to‘laqonli amalga oshirishda nafaqat deputatlar, balki korxona ishchi-xodimlari, keng jamoatchilik va xalqimiz birlashgan holda ushbu islohotlarni ro‘yobga chiqarishda asosiy drayver bo‘lishi kerakligi qayd etilib, ayni paytda Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish borasida https://meningkonstitutsiyam.uz/ portali orqali o‘zlarining takliflarini bildirishlari mumkinligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni “Inson qadri uchun”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida xalqimizning farovonligi yanada yuksalishiga, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan islohotlarni qat’iy davom ettirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati