So‘ngi yillarda yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar kasaba uyushmalari hayotida, tashkiliy tuzilmalarida ham o‘z aksini topmoqda. Bugungi kunda zamonaviy kasaba uyushmalari harakati ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda, konstruktiv muloqot va ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yishda asosiy rol o‘ynashga qodirligini namoyish etmoqda.
Xususan, o‘tgan 2022 yilda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasidagi ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirish, mehnatga haq to‘lash, mehnat muhofazasi, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, ishchi-xizmatchilarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish, madaniy-ma’rifiy va sport-sog‘lomlashtirish ishlarini yuritish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, o‘tgan 2022 yilda 2930 nafar ishchi-xodimga respublika hududida joylashgan turli xildagi sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar ajratildi. Xodimlarning farzandlarining o‘quv-kontraktlari uchun 372 nafar, “Covid-19” virusi bilan zararlanganligi uchun 28 nafar, xodimlar hamda ularning farzandlarining nikoh to‘ylari munosabati bilan 334 nafar, farzandining sunnat to‘yi munosabati bilan 175 nafar, yaqin qarindoshlari vafot etganligi munosabati bilan 126 nafar xodimlarga, shuningdek 6 nafar xodimning vafot etganligi munosabati bilan ularning oila a’zolariga moddiy yordam ajratildi. Sog‘liklarini tiklash uchun 805 nafar xodimlarga Respublikamiz hududidagi turli yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi shifoxonalarga yo‘llanmalar ajratildi. Xodimlar yubiley yoshiga yetishlari hamda yoshga doir pensiyaga chiqishlari munosabati bilan 36 nafar xodimlarga bir martalik moddiy rag‘batlantirish va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Mehnat faoliyatini olib borayotgan 139 nafar xodimga yubiley sanalari munosabati bilan moddiy yordam ko‘rsatilib, rag‘batlantirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, tizimda uzoq yillar mehnat qilib va hozirda nafaqada bo‘lgan mehnat faxriylari holidan ham muntazam ravishda xabar olinmoqda.
2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi doirasida majmuada mehnat qilayotgan 220 nafar ishchi-xodim uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” shiori ostida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shaxrisabz kabi tarixiy va zamonaviy shaharlarga sayohatlar uyushtirildi.

Yozgi ta’til davrida ishchi-xodimlar farzandlarining maroqli hordiq chiqarishlari uchun majmuaga qarashli Shaxrisabz shahridagi “Lochin” Bolalar dam olish oromgohida majmua xodimlarining jami 4000 nafar farzandlari maroqli dam oldirildi. Shuningdek “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi va O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining qo‘shma qarorga asosan, kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarning 173 nafari hamda Qoraqapog‘iston Respublikasi Orolbo‘yi mintaqasidan 200 nafar bolalar sog‘lomlashtirildi.

Majmuada mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlar hamda ularning oila a’zolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yosh avlodning jismoniy baquvvat va ma’naviy ruxda tarbiyalash, sport turlari bilan shug‘ullanishlarini keng yo‘lga qo‘yish, sportning ommaviyligini ta’minlash borasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, majmua ma’muriyati bilan hamkorlikda sportning Mini-futbol, shaxmat, shashka, voleybol, quvnoq startlar turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
“O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari kuni” bayrami munosabati bilan majmuada “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida turli xildagi sport tadbirlari tashkil etildi. Tadbir doirasida majmuaga qarashli sex, tarmoq, xizmat va bo‘limlardagi kasaba uyushma qo‘mitasi yetakchilari o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha musobaqa, majmua xotin-qizlari o‘rtasida voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi musobaqalari o‘tkazildi. Kasaba uyushma qo‘mitasi faollari, mehnat faxriylari uchun konsert dasturi tashkil etildi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

O‘tgan yilda madaniy-ma’rifiy tadbirlar yo‘nalishida ham bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, bahorning ilk bayrami 8-mart - “Xalqaro xotin-qizlar kuni”ni munosib nishonlash maqsadida ayollar jamiyat mablag‘i hisobidan moddiy rag‘batlantirilib, kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirilib, madaniy-ma’rifiy konsert dasturlari tashkil etildi.
“Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida xodimlar uchun "Assalom Navro‘z - yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!" deb nomlangan Navro‘z sayli tashkil etildi. Sayl ko‘rinishida kun davomida bo‘lib o‘tgan turli madaniy-ma’rifiy chiqishlar va sport musobaqalari ishchi-xodimlarga rostmanasiga madaniy xordiq chiqarish imkonini yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi bayrami munosabati bilan "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida "Istiqlol bayraming muborak bo‘lsin, ona diyorim!" deb nomlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
1 oktabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan majmuada uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib, ustoz maqomiga erishgan va hozirda nafaqada bo‘lgan mehnat faxriylari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.


Shuningdek, majmua ma’muriyati, majmua xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi SHGKM boshlang‘ich tashkiloti bilan hamkorlikda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishlari, ularni ma’naviy ozuqa olishlari maqsadida turli mavzularda forumlar, intellektual shoular, quvnoqlar va zukkolar ko‘rik tanlovlari kabi tadbirlar yil davomida tashkillashtirib borildi.

Shuni ta’kidlash joizki, korxonada ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish ularning mehnatini alohida e’tirof etish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish kabi masalalar kasaba uyushma tashkilotning birinchi galdagi vazifasidir. Shu boisdan kasaba uyushma qo‘mitasi, korxonada mehnat qilayotgan har bir ishchi-xodimning manfaati yo‘lida xizmat qilishga doim tayyor. Kelgusida kasaba uyushma tashkiloti tomonidan ish beruvchi bilan birgalikda bir qancha yanada ijobiy ishlarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|