Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishida, majmuaning barcha sexlari kabi "Bug‘gazhavo ta’minoti" (BGHT) sexi ishchi-xodimlari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Ular o‘z bilim va ko‘nikmalari asosida sexda mavjud bo‘lgan barcha qurilma va jihozlarni me’yoriy holatda ishlashini ta’minlashmoqda.

2020-yilda BGHT sexi tomonidan ishlab chiqarish texnologik jarayonlari ehtiyojlari uchun gaz holatdagi azot - 16 499 503 m3, nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sohasi uchun havo - 15 658 411 m3, texnik havo - 9 776 453 m3, kokslanishni oldini olish uchun havo - 5 740 013 m3,  mineralsizlantirilgan suv - 629 782 m3, deaeratsiyalangan suv - 3 031 157 m3, yuqori bosimli bug‘ - 2 016 247 tn hamda sirkulyatsiyadagi sovutish suvi - 159 226 454 m3 miqdorda energiya resurslari ishlab chiqarildi va yetkazib berildi.

Shuningdek, Qarshitermoplast sexiga 34 tonna, «Uzbekistan GTL» zavodiga 598 tonna mineralsizlantirilgan suv yetkazib berildi.

Mazkur sexda suv resurslarini tejash imkoniyatini beruvchi bir qator ratsionalizatorlik ishlari ishlab chiqarishga tadbiq etilgan bo‘lib, hozirgi kunda qiymati 358 million so‘mlik 206 124 tonna filtrlangan xom (siroy) suv tejab qolindi. Bu esa, o‘z navbatida o‘zining iqtisodiy samarasini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, BGHT sexida qurilmalardagi texnologik uskunalarni doimiy me’yoriy ishchi holatini ta’minlash, ishlash muddatini uzaytirish va samaradorligini oshirish maqsadida, oylik va davriy texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish reja asosida amalga oshirilib kelinmoqda.

Ta’kidlab o‘tish joizki, 2020-yilda mazkur sex jamoasining samarali mehnati e’tirof etilib, "Yilning eng intizomli mehnat jamoasi" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.  

Ushbu jamoa 2021-yil davomida majmuaning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida, majmua rejali ta’mirga to‘xtagan vaqtda mavjud qurilmalarni sifatli ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish” loyihasi uchun tayyorlanayotgan mutaxassislarga tasdiqlangan dastur bo‘yicha o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tilishini davom ettirish hamda mazkur loyiha bo‘yicha keladigan hujjatlarni tez va sifatli ko‘rib chiqib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirish, energiya resurslari sarfini kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirish, majmua moliyaviy resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida mavjud vositalar va qurilmalar holatini yaxshilash tadbirlarini ishlab chiqish va sexning iqtidorli yoshlarini yangi zamonaviy uslubiyatlar asosida nazariy va amaliy bilimlarini muntazam oshirib borishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish kabi bir qator ishlarni amalga oshirishni o‘zlariga maqsad qilib qo‘yishgan.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz