Respyblika hududiga sovuq havo massasi kirib kelganligi va ayrim hududlarda havo harorati kechalari -25 gradusgacha pasayishi kuzatilganligi sababli, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga qarshi xavfsizlik va barqaror ishlab chiqarish holatini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘ldi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi "Ishchi guruh" tomonidan majmuadagi texnologik asbob-uskunalar va ijtimoiy soha obyektlarini to‘xtovsiz va barqaror ishlashi hamda belgilangan reja ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar holati ko‘zdan kechirildi.
Jumladan, korxonadagi kompressorlar va bug‘ turbinalarida, gazni qayta ishlash qurilmalarida muzlashning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari, ishlab chiqarish jarayonlarida energiya sarfini kamaytirish hamda polietilen ishlab chiqarishni barqaror ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar ijrosi nazoratdan o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, majmua Markaziy boshqaruv binosida bo‘lib, majmuaning markazlashgan boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Shuningdek, majmuada ishchi-xodimlarni ish joyiga o‘z vaqtida va xavfsiz yetkazib keltirish va olib ketish ishlari, majmuaga navbatchilik davrini o‘tayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, isitish tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan barcha zaruriy choralar ko‘zdan kechirilib, Boshqaruv raisi tomonidan majmua rahbariyati va mas’ul xodimlarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash kerakki, majmuada o‘tgan yil davomida 4,031 milliard kub metr (rejaga nisbatan 100,8 foiz) tabiiy gaz xomashyosi chuqur qayta ishlandi. Natijada 127,3 ming tonna (rejaga nisbatan 101,9 foiz) polietilen, 111,2 ming tonna (rejaga nisbatan 103,7 foiz) suyultirilgan gaz, 3,395 milliard kub metr (rejaga nisbatan 100,7 foiz) tozalangan metan gazi, 99,1 ming tonna (rejaga nisbatan 101,5 foiz) gaz kondensati mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Majmuada 21 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilib kelinayotgan, ham ma’nan, ham jismonan eskirgan bir qancha texnologik qurilma va uskunalarni, tizimlarni bosqichma bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlab yuborildi.
Boshqaruv raisi amalga oshirilayotgan “Uzbekistan GTL” zavodidan yuqori bosimli bug‘, bug‘ kondensati va gaz holatidagi azot berish quvurlarini tortib kelish loyihasi ishlari bo‘yicha ham alohida vazifalar belgilab berdi.
Ushbu loyihalar orqali majmuada texnologik qurilmalarning ishonchliligi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgani ta’kidlab o‘tildi.
O‘rganish ishlari davomida majmuada ishchi-xodimlarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ularning ishlash, yashash va ovqatlanish sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi direktori Shuhrat Aslanovga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Hozirda anomal sovuq ob-havo sharoitida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda olib borilayotgan ishlar yuzasidan Boshqaruv raisi boshchiligidagi "Ishchi guruh" tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash va xodimlar salomatligini asrashdan iboratdir.
Manba: Uzbekneftegaz | Расмий канал (https://teletype.in/@uzbekneftegaz_ung_uz/gU8Au1B9R5V)
«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|