Har qanday jamiyatda ham ijtimoiy samaradorlikni oshirish, iqtisodiy taraqqiyotning asosini yaratadi. Shu sababli iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida ijtimoiy ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish jiddiy masalalardan biri hisoblanadi. Mavjud resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligi, samaradorligini oshirish vositalariga yetarli darajada e’tibor berish talab qilinadi. Hozirgi zamon talabidan kelib chiqib, har bir korxona va tashkilot iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida o‘z oldiga qo‘ygan reja va takliflarni o‘ylab ko‘rishi va shu asnosida korxonani barqaror ishlatish asosiy vazifa qilib belgilab olinadi. Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiy samaradorlik tushunchasi biz faoliyat ko‘rsatayotgan jamiyatga o‘zining sifat darajasi yuqoriligi bilan kirib keldi.

Iqtisodiy samaradorlik deganda bir yil davomida amalga oshirilgan tadbirlar tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni ular natijasida olingan sof foyda bilan taqqoslash tushuniladi. Sarflangan xarajatlar evaziga olingan sof foyda qancha ko‘p bo‘lsa, iqtisodiy samaradorlik darajasi ham oshgan hisoblanadi.

«O‘zbekneftegaz» AJning 2020-yil 16-oktabrdagi 72-sonli «Ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish loyihasi doirasida ishlab chiqilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash» to‘g‘risidagi buyrug‘i va «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJning 2020-yil 17-noyabrdagi 060/398-ich sonli «Ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish loyihasi doirasida Pilot dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi buyrug‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida «Sho‘rtan GKM» MCHJda "Ernst & Young Advisory" (Buyuk Britaniya) kompaniyasi tavsiyasi asosida majmua mutaxassislari va "Ernst & Young Advisory" kompaniyasi maslahatchilari tomonidan 11 ta banddan iborat chora-tadbirlar shakllantirildi. Ushbu chora-tadbirlarda keltirilgan bandlarning ijrosi hozirgi kunga kelib Ishonchlilikni boshqarish xizmati mutaxassislari nazorati ostida majmua xodimlari tomonidan bajarib kelinmoqda. Mazkur loyiha natijalari shuni ko‘rsatdiki, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ uchun 2020-2021-yillardagi jami iqtisodiy samara 62 544 mln. so‘mni tashkil qildi, ya’ni reja 100,3% ga bajarildi.

Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, tashkilot faoliyatiga xalqaro tajribalarning olib kirilishi majmua faoliyatini yangi marralarga olib chiqishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz