12-13 may kunlari "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining innovatsion faoliyati, tajriba-konstruktorlik ishlari, korxonalardagi yangi texnika-texnologiyalar hamda ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflari bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyuldagi "Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni tadbiq qilishni rag‘batlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2008-2017 yillarda "Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi" o‘tkazildi. Ushbu yarmarkalarda neft-gaz korxona va tashkilotlari tomonidan 14,3 mlrd so‘mlik jami 174 ta shartnoma imzolangan.

Ushbu shartnomalarni amaldagi ijrosini ta’minlash, qolaversa olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy yangiliklarni ishlab chiqarish jarayonlariga tadbiq qilish maqsadida "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi tomonidan joriy yilning 6 martida maxsus ishchi guruh tuzildi.

Ishchi guruhga yuklatilgan vazifa tizimdagi korxona va tashkilotlarning innovatsion faoliyati, tajriba-konstruktorlik ishlari, yangi texnika-texnologiyalari hamda ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqarishga tadbiq qilish bo‘yicha doimiy monitoring o‘tkazishdan iborat.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida "Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarka"lari doirasida umumiy qiymati 994 mln. so‘mlik jami 27 ta shartnoma imzolangan. Ularni ishlab chiqarishga tadbiq qilinishi natijasida 9 mlrd. so‘mdan ko‘proq iqtisodiy samaraga erishilgan.

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan monitoring natijasida korxonalarning 2020-2021 yillarda innovatsion loyihalarga bo‘lgan ehtiyojlarining ro‘yxati shakllantiriladi. Ushbu ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligiga taqdim etiladi. Bundan tashqari ilmiy institutlar professor olimlari hamda tashkilotlar mutaxassislari hamkorligida doimiy ilmiy seminarlar va davra suhbatlari tashkil etiladi.

 

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz