Koronavirus pandemiyasi ta’siri tufayli jahon bozorida yuzaga kelgan bugungi vaziyat mavjud sanoat quvvatlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda eng avvalo ichki resurslardan samarali foydalanishni taqozo etmoqda.
Aynan shu maqsadda, "O‘zbekneftegaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tashabbusi bilan tizim korxonalari ehtiyojlari uchun ilgari importdan keltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari bilan mutlaqo yangicha usulda hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, "Standart pribor" MChJ bilan "Floread" rusumli gaz, suyuqlik va par sarfi o‘lchagichlari, "Spart sistem" MChJ bilan "Dtrans" rusumli bosim o‘lchagichlari datchiklari hamda "Delta trans" rusumli bosim o‘ynashini o‘lchash datchiklari, "Shturval" MChJ bilan mahalliy AG-3 markali adsorbentlarni sanoat usulida ishlab chiqarish bo‘yicha "yo‘l xarita"lari belgilab olinib, mahsulotlar ishlab chiqarilishi tashkil etildi.
Yo‘l xaritalari doirasida ishlab chiqarilgan yangi mahsulot namunalari bevosita "O‘zbekneftegaz" AJ ishlab chiqarish obyektlarida malakali mutaxassislar ishtirokida sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazilib tegishli xulosalar olinmoqda.
Iyun oyining boshida aktivlashtirilgan ko‘mir mahsuloti uchun Qashqadaryo viloyatida joylashgan sanoat obyektlarida o‘tkazilgan sanoat-tajriba sinovlarida dastlabki ijobiy xulosalar olindi.
Olib borilgan ishlar natijasida 2020 yilning yanvar-may oylarida umumiy qiymati 300 mlrd. so‘mdan ortiq mahsulotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilindi hamda ushbu qiymatdagi import hajmi qisqartirildi.
Hozirda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar sur’ati kuchaytirilib, korroziyaga qarshi ingibitorlar, burg‘ilash quvurlarini ta’mirlash, aktivlashgan ko‘mir, yangi turdagi kimyoviy reagentlar, moy va moylash materiallari hamda neftgaz uskunalarini sanoat kooperatsiyasi usulida ichki bozorda ishlab chiqarish bo‘yicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan
www.sgcc.uz