O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati hokimligining 202Z yil 17 avgustdagi "Qashqadaryo viloyatida 202Z-2024 - yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va betalofat o‘tkazish, energetika hamda gaz tizimini barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga elektr energiyasi va gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqini o‘tkazish to‘g‘risidagi" 14-sonli buyrug‘i hamda Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 2023 yil 19- avgustdagi 1021 - sonli xati asosida joriy yilning 24 avgust kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan "Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar sodir bo‘lganda obyekt rahbariyati, qutqaruv tuzilmalari hamda favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari" mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti davomida dastlab majmua hududida elektr ta’minoti uzilishi natijasida texnologik qurilmalarni xavfsiz to‘xtatishni tashkil etish va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarga korxona ishchi-xodimlarining va mavjud tezkor xizmatlarning qay darajada tayyor ekanliklari, korxona ishchilarining bunday vaziyatlardagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, majmuaning Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexiga qarashli gaz rezervuaridan gaz sizib chiqishi natijasida gaz saqlash rezervuarlari va estakadalarida yong‘in chiqishini bartaraf etish, tezkor xizmatlarga xabar berish va ogohlantirish, kuch vositalarini to‘g‘ri yo‘naltirish, jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish harakatlari amaliy tarzda ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu maxsus-taktik o‘quv amaliy mashg‘ulotini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, elektr energiyasi va gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish hamda oqibatlarini kamaytirish va boshqa shoshilinch ishlarni tashkil etish holatini nazorat qilishdan iborat.
Shuningdek, korxona ishchi-xodimlarining va mavjud tezkor xizmatlar xodimlarining ruhiy ko‘nikmasini oshirish, ularning jangovarlik holatini tekshirish, yong‘in o‘chirish texnikalarini yana bir bor jangovar shayligini sinovdan o‘tkazishdir.
O‘quv mashg‘ulotlari borishi jarayonida maxsus bo‘linma, viloyat FVB, tibbiyot xodimlari va Shurtan gaz kimyo majmuasi fuqaro muhofazasi tuzilmalarining puxta tayyorgarligi namoyon bo‘ldi.
Shurtan gaz kimyo majmuasi fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkiblari o‘z oldilariga qo‘yilgan barcha topshiriqlarni uddalashdi.
O‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari, Qo‘mondonlik-shtabi rahbariyati va kuzatuvchilar tomonidan yuqori baholanib, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga “TAYYOR” deb qaror qabul qilindi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|