Avvalroq, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari holatini o‘rganish uchun Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Tashrif davomida, "GTL" investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlar bajarilishi, zavodning bir qator uskuna va texnologik qurilmalarning ishga tushirish-sozlash oldi ishlar bajarilishi jarayonlari hamda zavodni ishga tushirish va ekspluatatsiya qiladigan personalni tayyorlashga alohida e’tibor berildi. 19 sentyabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi qurilishi yil yakuniga qadar tugallanishi rejalashtirilgan “GTL” zavodida bugungi kunda bajarilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Investitsiya loyihasini amalga oshirishi yakuniy bosqichga kirib, jami loyiha bajarilishi 90 foizni tashkil etmoqda. Qurilish-montaj ishlari 73 foizga bajarilgan.

Bugungi kunda qurilish maydonida jami 9,5 mingdan ziyod quruvchi va mutaxassilar jalb qilingan bo‘lib, bir necha smenada, karantin talablari asosida ish tashkil etilgan.

Joriy yilning oktyabr oyida zavodga elektr energiya uzatilishi va yordamchi qurilmalarini sozlash va ishga tushirish oldi ishlarni bajarilishi rejalashtirilgan. Zavod qurilishi yakunlanishi joriy yilning dekabr oyida belgilangan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan loyiha doirasida ishlarni jaddalashtirish va muvaffaqiyatli yakunlash yuzasidan zarur bo‘lgan topshiriqlar berildi.

Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirilishi bilan O‘zbekistonga aviakerosin va dizel yoqilg‘isining importi sezilarli darajada qisqaradi.

2021 yilda “GTL” zavodi to‘liq loyiha quvvatiga bosqichma-bosqich chiqishi bilan birga, unda tabiiy gazdan sintetik dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi boshlanadi.

Zavod tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatlarini salohiyatini kengaytirish, uglevodorodlar importini kamaytirish, mamlakatning zamonaviy, sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, shuningdek, bozorni o‘z xom ashyosidan ishlab chiqarilgan strategik mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini yaratadi.

To‘liq loyiha quvvatiga erishgach, zavodda yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 3.61 milliard dollardan ziyod.

 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz