Etilen ishlab chiqarish sexi sovuqlik qurilmasining DC-1401A/B atsetilenni gidrogenlash reaktorlarida texnologiya litsenziari tomonidan taklif etilgan "ZYUD-XЕMI" GRUPP kompaniyasining G–58I “Atsetilenni gidrogenlash” katalizatori 2001 yil majmua ishga tushgan vaqtdan boshlab ishlatilib kelingan. Yakuniy loyihaviy hujjatlarga asosan ushbu katalizatorning ishlash muddati 5 yil deb ko‘rsatilgan bo‘lsada, texnologik jarayonlar reglament va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida va qat’iy talablarga binoan boshqarilganligi sababli, har bir uskunadagi katalizator jami 10 yildan oshiq vaqt mobaynida foydalanilib, hozirgi kungacha ishlab kelgan.

Atsetilenni gidrogenlash katalizatorining kelib chiqishi taxminan 1960 yilga borib taqaladi. Aynan o‘sha davrda to‘yinmagan uglevodorodlarni gidrogenlash texnologiyasi ishlab chiqildi va katalizator sifatida alyuminiy oksidi yuzasiga yuttirilgan palladiy ishlatilishi boshlandi. Yillar o‘tishi natijasida piroliz jarayoni hajmi oshishi bilan birga atsetilen uglevodorodlarini hajmi ham oshib bordi.

1970 yilni oxirlarida pirolizlangan gaz tarkibida atsetilen ugevodorodlari konsentratsiyasini oshishi natijasida, uning hajmiy tezligi ham oshib bordi, shuning uchun atsetilen uglevodorodlari yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida ilmiy izlanishlar olib borilib, katalizatorni ishlab chiqarish takomillashtirilib borildi va realizatsiya qilish ishlari amalga oshirila boshlandi.

1987 yilda olib borilgan iqtisodiy tahlillar natijasi ishlab chiqarishda ishlatilayotgan katalizatorlar samarali ishlab, iqtisodiy foyda berayotganligini ko‘rsatadi.

“Oil & Gas Journal” jurnalida dunyoda etilen ishlab chiqarish millionlab tonnani tashkil etishi bo‘yicha statistikalar orqali atsetilenni gidrogenlash katalizatorlariga bo‘lgan talab qanchalik yuqori ekanligini bilib olish mumkin.

Promotorlangan yangi avlod katalizatorlari ishlab chiqarilishi esa atsetilen konvertorlarida ishlatilishi vaqtida jarayonlarni optimallashtiribgina qolmasdan, balki iqtisodiy samaradorligi yuqoriligi, hosil bo‘layotgan atsetilenni etilenga aylantirishi yuqori ko‘rsatgichda ekanligini ko‘rsatadi. Yangi avlod katalizatorlari atsetilenni tanlab reaksiyaga kiritadi, yashil moy hosil bo‘lishini kamaytiradi, aktivlik darajasini kamaytirish uchun (SO) qo‘shilmaydi, ishlash vaqti uzoq, yuqori konsentratsiyali tezligi yuqori gazlarga ham o‘zgarmas ekanligi bilan ajralib turadi.

Shu kungacha majmuamizda ishlatilib kelingan DC-1401A/B atsetilenni gidrogenlash reaktorlariga yuklangan katalizatorni uzoq yillar davomida ishlaganligi sababli aktivligining kamayishi, reaktorga etan-etilen uglevodorodlarini kirish haroratini boshlang‘ich va oxirgi rejim holatida ko‘tarilib borishi, reaktorga berilayotgan vodorod miqdorining oshib borishi, etilen tarkibida atsetilen uglevodorodlarini ko‘payishi, reaktor ishlab turgan vaqtda tez-tez haroratni tushib ketishi bilan birga reaktorning regenersiyagacha bo‘lgan ishlash vaqti ham kamayib ketishi sababli rejali ta’mirlashdan-ta’mirlashgacha bormasligi natijasida ishlab chiqarishda qisqa to‘xtashlar yuzaga kelgan vaqtlarida reaktorni almashtirish holatlari kuzatilar edi.

Shu sababli, katalizatorni pirogaz tarkibida mavjud bo‘lgan atsetilen uglevodorodlarini etilen yarim tayyor mahsulotiga aylantirib, etilen ishlab chiqarish selektivligini oshirish, texnologik qurilmani effektivlik darajasini ushlab turish va Polietilen ishlab chiqarish sexida sifatli mahsulot ishlab chiqarilishiga ijobiy ta’sir etishi uchun "Clariant" (Germaniya) kompaniyasining yangi avlod OleMax–207 katalizatori sotib olindi.
Joriy yilning 9-10-oktabr kunlari "Clariant" kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida OleMax–207 katalizatori DC-1401B reaktoriga yuklandi.
11-12-oktabr kunlari katalizatorni quritish, aktivlashtirish va ishga tushirish ishlari olib borildi va ijobiy natijalarga erishildi.
"Clariant" kompaniyasi mutaxassislarining ta’kidlashicha kompaniya tarixida eng uzoq yil ishlagan katalizator Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga tegishli ekanligi va bu kompaniyaning butun dunyodagi xaridorlar oldidagi tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanganligini bildirishdi.

Bu e’tirof Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida barcha ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, texnologik jarayonlar reglament va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida, qat’iy talablar bilan olib borilishi, shuningdek ishchi-xodimlarning yuqori bilim va malakasiga berilgan kichik bir bahodir.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|