"O‘zbekneftgaz" AJ ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish" loyihasi Boshqaruv Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash va uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash jarayonlarida mavjud yo‘qotishlarni bartaraf etish.
Yig‘ilish transformatsiya va operatsion samaradorlik Departamenti tomonidan "Ernst&Young" kompaniyasi maslahatchilari ishtirokida tashkil qilindi.
Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazish boshqarmasi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak neft va gaz qazish boshqarmasi va Chinoz neftini qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Bunyodkorlik ruhida o‘tgan muhokamalar yakunida, ishlab chiqarish korxonalari rahbariyatining istiqbolli takliflarini inobatga olib, «Ernst&Young» kompaniyasi maslahatchisi tavsiyalarini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
"Ernst&Young" kompaniyasi maslahatchisi tahlillariga ko‘ra, birlamchi chora-tadbirlar ijrosidan ko‘zlangan samaradorlik 400 mlrd. so‘mdan ortiqni tashkil etishi kutilmoqda.
"O‘zbekneftgaz" AJ ishlab chiqarish maydonlarida loyiha ijrosi davom etmoqda.
"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan