Internet tarmog‘ida energetika sohasiga oid yana bir yolg‘on ma’lumot e’lon qilindi, bu safar – quyosh energetikasiga oid. Energetika vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Navbatdagi tasdiqlanmagan xabar shaxsiy maqsadlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun (masalan, uyni yoritish uchun quyosh panellaridan foydalanish) siz ruxsat olishingiz va soliq to‘lashingiz kerak, degan mish-mishlarga asoslangandir.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi uyida quyosh energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar uchun hech qanday ruxsatnoma talab etilmasligini ma’lum qiladi.

Shuningdek, 2019 yil 21 mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (keyingi o‘rinlarda – QTEM) elektr energiyasi ishlab chiqarish, shu jumladan shaxsiy manfaatlarda foydalanish uchun boshqa turdagi QTEMlar ham o‘z aksini topgan.

QTEMdan foydalanadigan jismoniy shaxslar bilan bir qatorda, qonun bilan boshqa ikki turdagi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilari ham belgilangan. Bular lokal tarmoq orqali yuridik va jismoniy shaxslarning ehtiyojlari uchun elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari va QTEMdan yagona energetika tizimiga elektr energiyasi etkazib beruvchi ishlab chiqaruvchilardir.

Boshqacha qilib aytganda, QTEMdan foydalanib (quyosh, shamol va boshqalar orqali) elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Nafaqat o‘zingiz uchun, balki uni sotishingiz ham mumkin. Bunday hollarda, bu tadbirkorlikning eng yangi turi ham hisoblanadi.

Bunday tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qonun ularga QTEMdan lokal elektr tarmoqlarini yaratish, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasini o‘zaro kelishilgan narxlarda sotish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqini beradi.

Shu bilan birga, QTEMdan yagona energetika tizimiga elektr energiyasini etkazib beruvchilarga tarmoqqa kafolatli ulanish huquqi berildi.

Tabiiyki, bu erda qayta tiklanuvchi energiyadan o‘z ehtiyojlari uchun emas, balki tadbirkorlik, ya’ni elektr energiyasini sotish maqsadida foydalanish haqida gap ketganda, amaldagi biznes qonunlari qo‘llaniladi.

Va birinchi turdagi ishlab chiqaruvchilar uchun – ya’ni quyosh energiyasini o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqaradiganlar uchun nafaqat shartnomalar talab etilmasligi, balki ularga rag‘batlantiruvchi imtiyozlar ham mavjud.

Agar aholi faqat qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda, ya’ni mavjud energiya tarmoqlaridan to‘liq uzilgan taqdirda, ularga jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘idan va er solig‘idan uch yil muddatga (QTEMdan foydalanish oyidan boshlab) ozod qilinadi.

2019 yil 22 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4422-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha imtiyozlar berilgan.

Xususan, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatda davlat byudjeti hisobidan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektr stantsiyalari uchun (3 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan), quyosh suv isitgichlari uchun (1,5 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan), shuningdek, energiya tejamkor gaz-gorelkali qurilmalar uchun esa (200 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan) sotib olish qiymatining uchdan bir qismi qoplanishini nazarda tutuvchi tartib joriy qilinishi belgilangan.

Shuningdek, bu tadbirlar qatorida jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari, energiya tejamkor gaz-gorelkalari va qozonxonalar, shuningdek, boshqa energiya tejamkor uskunalar sotib olish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash (kompensatsiyalar) ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Energetika vazirligida qayta tiklanuvchi energetika sohasini yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar yaratish bo‘yicha Nizom loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan va boshqa bir qator chora-tadbirlar, imtiyoz va preferentsiyalar o‘z samarasini ko‘rsatdi. Davlatimiz rahbarining diqqat-e’tibori va qat’iy nazorati ostida bo‘lgan QTEMni rivojlantirish jarayoni jadallashmoqda.

Energetika vazirligi O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksiga oid har qanday masalalar bo‘yicha ishonchli ma’lumot olish uchun vazirlik Matbuot xizmatiga murojaat qilish kerakligini yana bir bor eslatib o‘tadi va tasdiqlanmagan, mish-mishlarga asoslangan yolg‘on xabarlarni tarqatishdan saqlanishingizni so‘rab qoladi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz