Xalqaro mehnat tashkilotining tashabbusi bilan 2003-yildan boshlab 28-aprel — “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” deb e’lon qilingan.
Ushbu kun munosabati bilan “Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda sanoat korxonalarida sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarga chalinishning oldini olish hamda mehnat muhofazasiga e’tiborni yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ ma’muriyati, majmua Kasaba uyushma qo‘mitasi vakillari hamda majmuaning barcha sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlaridan ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Sh.Aslanov va majmua Sanoat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, mehnat va atrof-muhit muhofazasi boshqarmasi boshlig‘i U.Haydarov so‘zga chiqib korxonada mehnatni muhofaza qilish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish va ishlab chiqarish jarayonlarida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarni oldini olish, xavfsizlik texnikasi choralarini ko‘rish hamda bu borada ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar va boshqa shu kabi masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tishdi.
Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash va mehnat muhofazasi xizmati xodimlari faoliyatiga bag‘ishlangan videolavha va xizmat xodimlari tomonidan tayyorlangan, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik holatlari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aks etgan ta’sirli videolavhalar namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan, majmuada yillar davomida mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etgan, mehnat qonunchiligi talablarini buzmagan hamda mehnat muhofazasi sohasining rivoji uchun munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida, esdalik sovg‘alari topshirildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati