Boshqaruv raisi boshchiligida 2021-yil birinchi chorak natijalari va birinchi yarim yillik uchun ustuvor vazifalariga doir videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida tizimdagi boshqarma, korxona va tashkilotlar, neft baza rahbarlari ishtirokida 2021-yilning ortda qolgan davrida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilish avvalida Boshqaruv raisi tabiiy gaz qazib chiqarish 8,2 mlrd kub metrni tashkil etib, balans bo‘yicha 100,9%ga, kondensat 100%ga (358 ming tonna), neft bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar 109%ga (31 ming tonna) bajarilgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha reja topshirig‘i bo‘yicha ayrim mas’ullar ishni to‘g‘ri tashkil qilmaganini keskin tanqid qildi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2021-yilda geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha yangi rejalar belgilangan bo‘lib, quduqlarni ishga tushirish 113% (45 ta quduq), quduqlarni mukammal ta’mirlash 101%ga, (174 ta quduq) bajarildi. Boshqaruv raisi ushbu yo‘nalishda bundanda yuqori natijalar kutilganini alohida ta’kidlab, birinchi yarim yillikda yanada ko‘proq tabiiy gaz quduqlarini ishga tushirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Neft va gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha, jumladan, avtobenzin 128% (238 ming tn), dizel yonilg‘isi 185% (77 ming tn), polietilen 101%ga (35 ming tn) yo‘nalishlarida rejani ortig‘i bilan bajarish qayd etilgan bo‘lsa-da, aviakerosin, mazut ishlab chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi va buning uchun tegishli rahbarlar ogohlantirildi. Suyultirilgan gaz (159 ming tn) bo‘yicha ham belgilangan qo‘shimcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bajarilmagani, agarda birinchi yarim yillikda ham shu holat takrorlansa, mas’ullarga qat’iy jazo choralari ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.

O‘z navbatida yuqori natijalar qayd etilgan yo‘nalishlar alohida e’tirof etildi. Aynan eksport yo‘nalishida natijalar 111%ga bajarilib, o‘sish surati 107% bo‘lishiga erishilgan. Xuddi shu kabi investitsiyalarni o‘zlashtirish 103%, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish 105%, importni qisqartirish 157%ga bajarildi.

Boshqaruv raisi “O‘zbekneftgaz” AJ oldida turgan eng asosiy masala – tabiiy gaz qazib chiqarish ishlari holati shuncha sharoit yaratilganiga qaramay joylarda ishni to‘g‘ri tashkil qilinmayotganini tanqid qildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish rejasi bajarilgan bo‘lsada, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 98% bo‘lib, 103 mln kub metrga kam qazib chiqarilgani, Siquv kompressor stantsiyalarining tabiiy gaz qazib chiqarish quvvati kunlik 1,5 mln kub metr bo‘lsada, bugungi kunda ulardan samarali foydalanilmayotgani, avariya holatda to‘xtalishlar ko‘p sodir bo‘layotgani, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshib ketgani va bunga aynan Boshqarma rahbari javobgar ekani aytib o‘tildi.

Shu sababli, Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shahzod Alirizaev, Muxtor Temirov, Qurilish departament boshlig‘i Orifjon Quvanov, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari Rustam Sherovga tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida, uzunligi 5 km (diametri 426 mm va 530 mm) bo‘lgan gaz quvurlarini yotqizish va qurilish-montaj ishlarini tezlashtirish bo‘yicha alohida topshiriqlar berildi.

“Alan” va “Zevarda” koni quduqlar fondi bilan ishlab, yangi quduqlarni burg‘ilab ishga tushirish orqali gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish choralarini ko‘rilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Boshqaruv raisi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyatiga ham alohida to‘xtalib, tabiiy gaz qazib chiqarish rejasi bajarilgan bo‘lsada, o‘sish sur’ati kutilganidek bo‘lmaganini, Boshqarmada avariyaviy to‘xtalishlar soni oshgani tanqid qildi.

Shu o‘rinda Boshqaruv raisi o‘rinbosari Alisher Mustafaev, Departament boshliqlari Sirojiddin Mallaev va Aziz Rahmonov, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari Shokir Jabborovga birinchi yarim yillikda tabiiy gaz qazib chiqarish qo‘shimcha topshiriq bilan 4 mlrd 433 mln kub metrdan kam bo‘lmagan hajmda ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

O‘z navbatida, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish va Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbarlari ham ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani, yetarli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, tabiiy gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarmagani uchun rasman ogohlantirilishdi.

Boshqaruv raisi Muborak gazni qayta ishlash zavodida 21 marotaba avariyaviy to‘xtalishlar sodir bo‘lgani, shundan 18 tasi kompressorlar bilan bog‘liq nosozliklar ekanini tanqid qildi.

Ushbu holatlar oqibatida ishlab chiqarish jarayonlari to‘xtab, zavodga katta miqdorda moliyaviy zarar yetayotgani, to‘xtalishlar natijasida suyuq uglevodorodlar yo‘qotilayotgani, buni oldini olish uchun zudlik bilan barcha choralar ko‘rilishi bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Boshqaruv raisi joriy yil birinchi chorakda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolarni qayta takrorlamaslik hamda ikkinchi chorakda tabiiy gaz qazib chiqarish va uni qayta ishlash, quduqlarni kapital ta’mirlash va burg‘ilash ishlarini jadallashtirish maqsadida, Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti boshlig‘i Aziz Rahmonov boshchiligida tegishli departament mutaxassislaridan tarkib topgan “Tezkor ishchi guruh” tashkil qilish va yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilish so‘nggida Boshqaruv raisi nefti bazalar faoliyatiga alohida to‘xtalar ekan, shuncha chora-tadbirlarni amalga oshirilishiga qaramay nefti bazalarining rahbarlari tegishli xulosa chiqarmayotgani, ishni to‘g‘ri tashkil qilmayotganini aytib o‘tdi.

Nefti bazalar tomonidan dizel yonilg‘isi sotish ko‘rsatkichlari juda achinarli holatda ekani, 2021-yil 1-yanvar holatiga 34,7 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlik, jumladan Buxoro – 26,5 mlrd so‘m va Jizzax – 8,2 mlrd so‘mlik qarzdorlik yil davomida yashirib kelingani ta’kilandi.

Faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, jumladan, debitor qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilmaganligi sababli Jizzax nefti bazasiga qarashli Zarbdor filiali direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Boshqaruv raisi Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti tomonidan o‘rganishlar olib borilayotganiga qaramay hanuzgacha sohada talon-taroj va o‘g‘irliklar bo‘layotganini aytib, bu borada to‘plangan hujjatlar tegishliligicha prokuratura organlariga berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘rganishlar natijasida Ustyurt boshqarmasi tasarrufidagi avtotransport vositalari asossiz ravishda, tegishli xujjatlar rasmiylashtirilmagan holda Ustyurt burg‘ilash boshqarmasiga 3 oy xizmat ko‘rsatib kelgan. Shuningdek 1 yil davomida nosoz holda turgan buldozer transport vositasiga biriktirilgan 2 ta haydovchiga 65 mln so‘m ish haqi to‘langani, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida amalda mehnat faoliyatini olib bormayotgan xodimlarga oylik ish haqi hisoblangan va to‘lab kelingan, Muborak gazni qayta ishlash zavodida haydovchilarni mehnatga buyruqsiz jalb qilingani, noqonuniy yo‘l varaqalari rasmiylashtirilgani, Maroqand neft bazasi Nurobod filialida 115 ming litr yoki qiymati 663 mln so‘m bo‘lgan mahsulot kamomadi aniqlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz