2020 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnoma yo‘lladi.
Davlat rahbari ushbu murojaatnomada neft va gaz sohasiga ham alohida e’tibor qaratib o‘tdi.
Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda 2020 yil yakunlari hamda 2021 yil amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” AJ geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, chuqur qayta ishlash, modernizatsiya va investitsiya loyihalari alohida muhokama qilinib, bularning ijrosi bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilandi.
Boshqaruv raisi “GTL” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan milliy brend ostidagi mahsulotlarni milliy va xorijiy bozorga olib chiqish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Kirib kelayotgan 2021 yilda uchta yangi tabiiy gaz quduqlarini burg‘ilash kapital ta’mirlash ishlarini olib borish, hamkor tashkilotlar bilan geologik-qidiruv ishlarini tashkillashtirish orqali yangi gaz konlarini topish kerakligi ham ta’kidlab o‘tildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda 2021 yilda transformatsiya va lokalizatsiya yo‘nalishlarida ham alohida yo‘l xaritasi yaratish hamda energiya tejamkorligi hisobiga tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish vazifalari belgilandi.
Yig‘ilishda ishchi-xodimlarning yashash va ishlash sharoitlarini doimo yaxshilab borish, karantin qoidalariga rioya qilishligi aytib o‘tildi.
Boshqaruv raisi tomonidan koronavirus pandemiyasi hali-hanuz davom etayotganligini e’tiborga olib, barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda ishni tashkil etish kerakligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
Tizimdagi korruptsiyaga qarshi kurashishni shakllantirish, xaridlar masalasida shaffoflikni to‘liq ta’minlash va avtomatlashtirish yo‘nalishlarida ham qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilandi.
Boshqaruv raisi tizimda ellik ming nafar xodim mehnat qilayotganini e’tiborga olgan holda ularning salomatligini tiklash uchun tibbiy sug‘urta masalasini muhokama qildi.
Yig‘ilish so‘nggida, 2020 yilda o‘z mehnati va kasbiga bo‘lgan fidoyiligi uchun mas’ul xodimlar Boshqaruv raisining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan