Dunyo bo‘ylab atrof-muhit muhofazasi me’yorlari tobora kuchayib borayotganligi sababli sanoat chiqindilarini utilizatsiyasi muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Ushbu muammoni hal qilish samarali usullari – bu chiqindilarni qayta ishlash natijasida turli xil xo‘jalik sohalari uchun zarur bo‘lgan funksional xususiyatlarga ega xom ashyo sifatida foydalanib (ikkilamchi maqsadlarda foydalanish) tegishli mahsulotlarni olishdir.
Chiqindilarni yoqib yuborish yoki chiqindixonalarda joylashtirish atrof-muhitning ifloslanish muammosini to‘liq hal qila olmaganligi sababli, yaratilgan ekologik samaradorlik konsepsiyasiga asosan chiqindilarni ikkilamchi maqsadlarda qayta ishlash bir vaqtning o‘zida ikki tomonlama ham atrof-muhit uchun, ham iqtisodiy samarani beradi.
Ishlab chiqarish chiqindilarining salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek 2022-yilning birinchi chorak davri uchun kompensatsiya to‘lovlarini kamaytirish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan shartnomalar asosida 48,19 million so‘mlik 566,64 tonna sanoat chiqindisi turli xil qurilish va xo‘jalik mahsulotlar ishlab chiqarishda xom ashyo sifatida ikkilamchi maqsadlarda foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy 2022-yilning birinchi chorak davomida jami 1190,485 million so‘mlik 213,63 tonna ishlab chiqarish chiqindilari shartnoma asosida qayta foydalanish uchun yetkazib berildi.
Iqtisodiy foydadan tashqari chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldi olindi va 2022-yilda sanoat chiqindilarni ikkilamchi maqsadlarda qayta ishlash uchun topshirilgan miqdorga nisbatan chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari kamaytirildi.
Shu munosabat bilan, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan sanoat chiqindilarini utilizatsiyasi bu iqtisodiy zararli yo‘nalish emas balki qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish uchun qimmat xom ashyo va yordamchi moddalar sifatida ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJda ushbu yo‘nalishda boshqa turdagi ishlab chiqarish chiqindilarini ikkilamchi foydalanishga sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati