"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ tomonidan Respublikamizda faoliyat yuritayotgan Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan amaliy va natijador ishlar 2021 yilda ham davom etmoqda.

Joriy yilning 20 yanvar kuni "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov boshchiligidagi rahbariyat Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutiga tashrif buyurdi.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturiga asosan sohaga tegishli mutaxassislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga o‘quv yili davomida majmuaning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, olib borilgan ishlar natijasiga ko‘ra mutaxassislik yo‘nalishlarining 4-bosqichida tahsil olayotgan bir qator iqtidorli talabalar tanlab olinadi va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tomonidan ta’sis etilgan stipendiyalar bilan rag‘batlantirib boriladi.

-  O‘zim ham mana shu oliygohning sobiq talabalaridanman. Hozir davramizda bir paytlar menga ta’lim bergan ustozlar ham bor, fursatdan foydalanib, ularga rahmat aytmoqchiman. Sababi, bugungi darajaga yetishimda ularning xizmati katta. O‘qiydigan, o‘z ustida ishlashni biladigan talaba ertaga yaxshi xodim bo‘ladi. Yaxshi xodimga bo‘lgan talab doimo yuqori — deydi Sh.Aslanov.

Tashrif davomida majmua tomonidan ta’sis etilgan stipendiyaga da’vogar talabalar bilan imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya a’zolari tomonidan o‘tkazilgan imtihonga 200 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi va yaxshi natijaga erishgan talabalar 2-bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar. Bu bosqichda talabalarning o‘z sohasi bo‘yicha bilim darajasini aniqlash suhbat asosida amalga oshiriladi.

 


"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ