“O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan “Ichki auditning amaliy jihatlari” kursi bo‘yicha masofaviy o‘qitish (vebinar) tashkil etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Sanoat va atrof-muhit xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va mehnatni muhofaza qilish departamentining ish rejasi asosida ISO 45001 va ISO 14001 xalqaro standartlari bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazildi.

O‘quv materiali Buxoro neftni qayta ishlash zavodi Sifatni boshqarish tizimi bo‘limi(SBTB) mutaxassislari tomonidan tayyorlandi. Masofaviy o‘qitishni SBTB boshlig‘i Alisher Xusenov o‘tkazdi. Vebinarda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi 23 ta korxonadan 49 ta mutaxassis qatnashdi.

O‘quv davomida tinglovchilar “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarida sifatni boshqarish tizimi ichki auditini tashkil etish va o‘tkazish, umuman auditorlik faoliyati to‘g‘risida bilimlarini oshirdilar.

Vebinar natijalariga ko‘ra auditorlik tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq eng asosiy va dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi, shuningdek, Muborak gazni qayta ishlash zavodi mutaxassislari tomonidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida boshqaruv tizimlarini joriy etish tajribasini almashish va o‘rganish bo‘yicha takliflar berildi.

Ma’lumot uchun: ISO 14001 – ekologik boshqarish tizimlari sohasidagi xalqaro standart. Bu atrof-muhitni turli formatdagi sanoat korxonalari ta’siridan himoya qilishga qaratilgan talablardir.

ISO 45001 – mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligini boshqarish tizimlari sohasidagi xalqaro standart. ISO 45001ning maqsadi – ishlab chiqarishdagi xavflarni kamaytirish, kasbiy jarohatlar va kasalliklar, shu jumladan jismoniy va ruhiy salomatlikni mustahkamlash va himoya qilish.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi beshta xalqaro standartlarning muvofiqlik sertifikatlariga ega korxona hisoblanadi.

Qisqa vaqt ichida zavod sifat menejmenti tizimi ISO 9001: 2015, sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi ISO 45001: 2018, aerokosmik seriyadagi AS9100D standarti, energiya menejmenti tizimi ISO 50001: 2018 va ekologik tizim ISO 14001: 2015 standartlarini joriy etdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz