Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jannat poyida bo‘lgan mo’tabar onalarimizni e’zozlash, ularning farzand tarbiyasi va yurt kelajagi yo‘lidagi jonkuyarliklarini qadrlash, shuningdek, munis ayollarimiz va suyukli opa-singillarimizni ardoqlash xalqimizga xos qadriyat sanaladi.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan majmuada mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar Qarshi shahridagi Mulla To‘ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida namoyish etilgan "Arshin mal alan" musiqali spektakliga taklif etildi.

Mahoratli aktyorlar tomonidan ijro etilgan ushbu spektaklga tashrif buyurgan xotin-qizlar vaqtlarini maroqli va mazmunli o‘tkazishlari bilan bir qatorda, ushbu spektakl barchaga katta qiziqish uyg‘otdi va olqishlar bilan qarshi olindi.

Spektakl so‘nggida majmua xotin-qizlari tomonidan mahoratli aktyorlar va teatr xodimlariga minnatdorchilik bildirildi.

Spektakldan so‘ng, xotin-qizlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi va tadbirda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov so‘zga chiqib, majmuada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha xotin-qizlarni tabrikladi.

Tadbir davomida tashkil etilgan ko‘ngil ochar dasturlar hamda bir guruh san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, tadbir so‘nggida, bir guruh faol xotin-qizlar hamda aynan mana shu kunda o‘zlarining tavallud ayyomlarini nishonlayotgan ishchi-xodimlarga Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati