Yurtimiz kelajagi ko‘p jihatdan barkamol, salohiyatli kadrlarga bog‘liq. Hozirgi zamonning o‘zi oldimizga keng ko‘lamli va murakkab vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan kadrlarni tarbiyalash, yoshlarning jamiyatimizda munosib o‘rin egallashini ta’minlash uchun yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-309-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati uchun kadrlar tayyorlash dasturi doirasida 2023 yilning 2 fevral kuni majmua faollar zalida, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining 4 kurs talabalari o‘rtasida, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida beshinchi bor o‘tkazilayotgan stipendiatlar dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining barpo etilish tarixi, bugungi kundagi faoliyati va erishilgan yutuqlari aks etgan videorolik namoyishi bilan boshlandi.

Tadbirni ochib berish uchun “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Bosh direktori Sh.Aslanov so‘zga chiqib, dastur g‘oliblarini tabriklagani holda, viloyatimizda neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, kadrlarni o‘qitishning usul va shakllarini takomillashtirish orqali ta’lim sifatini hamda mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan davrda oliygoh va majmua o‘rtasida uzoq yillardan buyon hamkorlikda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni e’tirof etdi.

Tadbir davomida, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori O.Bazarov so‘z olib, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash borasida korxona va tashkilotlar bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani va bu ishlar natijasi o‘laroq, bugungi kunda ushbu oliygohning yuzlab talabalari yurtimizning turli joylarida o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha faoliyat olib borayotganliklarini ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, ikki bosqichdan iborat bo‘lgan imtihon natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan 15 nafar stipendiya sohiblari va 12 nafar amaliyot dasturi g‘oliblariga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, mazkur sohada ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, ilm fan yutuqlarini ishlab chiqarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq qilish bugungi kundagi eng asosiy vazifalardan biridir. O‘tkazilayotgan bu kabi tanlovlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishda muhim o‘ringa egadir.

Quyida stipendiya sohiblari va amaliyot dasturi g‘oliblari bilan tanishishingiz mumkin:

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|