O‘tgan 2023 yil boshida "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati tomonidan berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar asosida, Shurtan gaz kimyo majmuasida barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijobiy natijalar bilan yakunlandi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2023 yilning yanvar oyida respyblika hududiga sovuq havo massasi kirib kelishi natijasida yurtimiz bo‘ylab anomal sovuq ob-havo hukmronlik qildi. Majmua hududida ham havo harorati kechalari -26 gradusgacha tushib ketdi. Hatto majmuadagi ayrim qurilmalarni betalofat ishlatish, umuman korxonaning barqaror ishlashini ta’minlashda jiddiy xavotir tug‘ildi.
Lekin, majmua rahbariyati tomonidan qurilmalarni betalofat ishlatish uchun o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar hamda mutaxassislarning majmua oldiga qo‘yilgan topshiriqlarni to‘g‘ri anglagan holda ahillik, ilm va tartib bilan amalga oshirgan tezkor sa’yi-harakatlari natijasida ushbu sinovdan ham muvaffaqiyatli o‘tildi.

Shuningdek, 2023 yil may oyida bo‘lib o‘tgan qisqa muddatli ta’mirlash ishlarida 725 ta pozitsiya, oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan asosiy ta’mirlash jarayonlarida esa 1480 ta pozitsiya bo‘yicha ta’mirlash ishlarini sifatli va muddatidan 10 kun oldin bajarish orqali ishlab chiqarish barqarorligi ta’minlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan 2023 yil davomida Shurtan gaz kimyo majmuasida har bir soha kesimida salmoqli ishlar amalga oshirildi va bir qator yutuqlarga erishildi.

Jumladan:

  • Majmuada 2023 yil davomida 4 mlrd 151 mln m³ xom-ashyo gazini (rejaga nisbatan 103,6 foiz) chuqur qayta ishlash orqali, 3 mlrd 480 mln m³ tozalangan tabiiy gaz (rejaga nisbatan 103,1 foiz), 103,5 ming tonna  gaz kondensati (rejaga nisbatan 108,4 foiz), 117,9 ming tonna suyultirilgan gaz (rejaga nisbatan 110,2 foiz), 908 tonna oltingugurt (rejaga nisbatan 113,5 foiz) va 131,9 ming tonna polietilen (rejaga nisbatan 105,5 foiz) – jami 3,37 trln so‘m qiymatdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi va majmua ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ga yuklatilgan topshiriqlar yuzasidan bir qator ijtimoiy obyektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi;
  • 2023 yilda 1,7 mln AQSH dollari qiymatdagi HIMA himoya va blokirovka tizimi va 4,8 mlrd so‘m qiymatdagi Markaziy bug‘ qozonlarini avtomatik boshqarish tizimi modernizatsiya qilindi. Joriy yilda esa 103 mlrd so‘m qiymatdagi modernizatsiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan;
  • Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexidagi Suyuq ishqor tayyorlash qurilmasi majmua ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda modernizatsiya qilindi va ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshirildi;
    Majmuaga qarashli obyektlar va yer maydonlariga 4075 kW quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi va 1895 kW quvvatli quyosh panellari ishga tushirildi;
  • 2023 yil davomida bilim sinovlari asosida 184 nafar xodimlarning imtihon asosida mansab darajalari oshirildi, 2048 nafar xodimlarning tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malakasi oshirildi hamda 16 nafar xodim Yaponiya, Rossiya va Germaniya davlatlarining yetakchi kompaniyalarida malaka oshirib qaytishdi;
  • 2 nafar xodim ishlab chiqarish va ijtimoiy hayotdagi namunali faoliyati uchun davlatimiz rahbari tomonidan yuksak e’tirof etilib, Davlat mukofoti va esdalik nishonlari bilan taqdirlandilar.

Ushbu ijobiy natijalar hamda erishilgan yutuqlar uchun majmua rahbariyati ko‘p ming sonli jonkuyar va zahmatkash ishchi-xodimlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildiradi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati