Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasining 03.01.2017 yildagi O‘RQ-419-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning tizimlilik tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvining 2020 yil 28 sentyabrdagi qarori bilan komplayens-nazorat tuzilmasi hamda mazkur yo‘nalishdagi ichki idoraviy hujjatlari ishlab chiqildi va amalda qo‘llanib kelinmoqda. Shu jumladan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ham komplayens xizmati samarali faoliyat olib bormoqda.
Ta’kidlash joizki komplayens nazorat tizimi faoliyati, hozirgi kunda korxonalar tomonidan olib borilayotgan biznes jarayonida turli xavflarni oldindan aniqlash, hisob-kitob qilish va iqtisodiy zararning oldini olishga qaratilgandir. Shu bilan birga korxonaning ichki siyosatini sog‘lomlashtirish, jamoa a’zolari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirishdan iboratdir.
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyatining topshirig‘iga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik borasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tomonidan bir qator qonunosti va normativ hujjatlar qabul qilindi va ustuvor vazifalar belgilandi.
Xususan, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ faoliyatida turli xavf-xatarlarni oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha aniq va samarali choralar qo‘llanilib kelinmoqda.
Jumladan, 2022 yil davomida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda komplayens nazorati faoliyatida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Rahbar va mas’ul xodimlar tomonidan to‘ldirilgan manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga qaratilgan deklaratsiyalar asosida tegishli chora tadbirlar belgilandi;
- Tizimda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion xatarlar va bo‘linmalarning korrupsiyaga moyilligi yuzasidan anonim so‘rovnoma o‘tkazildi hamda xavf-xatarlar ro‘yxati shakllantirilib ularni minimallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijroga qaratildi;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari haqida ma’lumotlarni yetkazish va xodimlarning bilim savodxonligini oshirish maqsadida majmua rahbariyati hamda yuridik xizmat xodimlari bilan hamkorlikda 23 ta o‘quv seminar-treninglari o‘tkazildi;
- 2022 yildan boshlab tuzilayotgan mehnat shartnomalarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar kiritildi va xodimlarga tanishtirildi. Ko‘rib chiqilayotgan har bir nomzodni Komplayens xizmati tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnoma asosida maxsus o‘rganishdan o‘tkazilishi tashkil etildi.
Shuningdek, majmuada 2021 yildan buyon korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qisqartirish maqsadida majmuada korrupsion holatlar haqida xabar berish aloqa kanallari doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Xarid jarayonida amalga oshirilayotgan barcha shartnomalar doimiy ravishda komplayens xizmati tomonidan o‘rganilib, tegishli tarzda komplayens xizmati munosabatlari bildirilib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida majmuaning xarid jarayonlarida ko‘zda tutilmagan xavf-xatarlarni oldindan bilish, yetkazilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ma’naviy zararlarni oldini olish hamda noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslikga chorlamoqda.
Xaridlarni amalga oshirish jarayonida “alohida kontragentlar” uchun boshqalarga nisbatan korporativ xaridni amalga oshirishda qulay sharoitlar yaratib berish, xarid jarayonida kontragentlar bilan til biriktirish orqali mahsulot narxini oshirish, “Xarid komissiyasi” a’zolari tomonidan muayyan kontragent manfaatlarini himoya qilish, kontragentlarga moddiy yoki nomoddiy naf evaziga tijorat sirini tashkil etadigan ma’lumotlarni taqdim etish, shartnoma majburiyatlarini bajarmagan kontragentlarga nisbatan jarima qo‘llamaslik yoki boshqa yengilliklar yaratish kabi xavflarning oldini olish maqsadida “Kontragentlarni o‘rganish nizomi”ga asosan yo‘riqnoma ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
2022 yilning noyabr oyidan boshlab “1С – shartnoma” elektron dasturi orqali shartnomalarni kuzatish va kelishish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda, komplayens xizmati tomonidan "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ rahbariyati bilan hamkorlikda Davlatimiz rahbari, Respublikamiz hukumati va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan korrupsiya illatiga qarshi kurashish bo‘yicha belgilab berilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|