“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning tashabbusi bilan ilk marta yetakchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jurnalist va blogerlar ishtirokida aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalarning 2022-2023-yillar uchun mahsulotlar, butlovchi buyum va materiallar hamda xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari taqdimoti o‘tkazildi.
Tarmoq flagmani bo‘lgan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tkazilgan mazkur tadbirga 150 dan ortiq mahalliy ishlab chiqarish korxonalari vakillari, 20 dan ortiq – “O‘zbekiston 24", "Yoshlar", "Mening yurtim", "Sevimli", "Zo‘r-TV" telekanallarini, "Yangi O‘zbekiston", "Pravda Vostoka", "Darakchi" gazetalarini, "kun.uz", "daryo.uz", "xabar.uz", "UzNews.uz", "Human.uz", "Jahon.uz", "Geolog.uz" kabi ommaviy saytlar, O‘zbekiston milliy axborot agentligining jurnalist va blogerlar taklif etildi.
Shuni ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 11-martda o‘tkazilgan yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar asosida ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida mahalliylashtirish, importni qisqartirish hamda sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish yo‘nalishida yangicha tartibda ishlar tashkil etilmoqda.
Bugungi tadbirda dastlab tadbirkor va jurnalistlarga "O‘zbekneftgaz" AJning 2022-yil uchun tovarlarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Ma'lumot o‘rnida: Joriy yilda tizim korxonalari tomonidan 1,9 trln so‘mlik mahsulotlar xaridi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib (xizmatlardan tashqari), shundan 520 mlrd so‘m – joriy ta'mirlash ishlari, 54,2 mlrd so‘m – quduqlarni ta'mirlash, 619 mlrd so‘m – burg‘ilash ishlari, 742 mlrd so‘m izlov qidiruv ishlari doirasida yo‘naltiriladi.
Tahlillar asosida shuni aytish mumkinki, jamiyatning import mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojining asosiy qismini mustahkamlovchi quvurlar, nasos-kompressor quvurlari va burg‘ulash dolotolari tashkil qiladi.
Jamiyat ehtiyoji doirasida asosiy import mahsulotlardan bo‘lgan burg‘ilash dolota mahsulotlarini Germaniyaning “ONS Frankrfurt GmbH” kompaniyasi bilan tegishli “yo‘l xaritasi” asosida mahalliylashtirish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda va joriy yilning iyul oyida dastlabki partiya tajriba-sanoat sinovlari uchun yetkazib berildi.
2023-yil uchun 2,27 trln so‘mlik tovar moddiy boyliklari xaridi uchun boshlang‘ich ehtiyoj shakllantirilganligi va yakuniy ehtiyojlar ro‘yxati qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus elektron portallarga joylashtirilishi ma'lum qilindi.
So‘nggi yillarda tizim korxonalari xaridlarida mahalliy korxonalar ulushini bosqichma-bosqich kengaytirib borish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayapti. Natijada, tarmoqning umumiy xaridlari hajmida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushi 2018-yildagi 17 foizdan 2021-yilda 28 foizgacha ortdi.
So‘nggi 3 yilda jami 450 ga yaqin turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi, shundan tarmoq korxonalari tomonidan 63 turdagi mahsulotlar, kooperatsiya asosida esa 380 turdan ortiq mahsulot va xizmatlar.
Tadbirkorlar bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida, mahalliy korxonalar orasida ilk marta tarmoq Virtual ko‘rgazmasi (ung-cooperation.uz) yangicha dizaynda tashkil etilib, unda mavjud mahsulotlar bo‘yicha barcha zarur ma'lumotlar qayta yangilandi, xususan 4 ming turdan ortiq mahsulotning to‘liq texnik topshiriqnomalari portalga joylashtirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ joriy yildan boshlab haftaning dushanba-seshanba kunlari sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish kunlari o‘tkazilmoqda. Unda departamentlar, korxonalar texnik mutaxassislari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida bevosita muloqot tashkil qilinayapti.
Tizimli ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar vakillarini “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalariga tashriflari ham amalga oshirilib, unda “mahsulotbay” rejimida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, 28-fevral kuni “O‘zbekiston GTL” zavodiga, 2-iyun kuni Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga ana shunday tashriflar uyushtirildi.
O‘tgan yili ishga tushirilgan “Uzbekistan GTL” zavodi ehtiyojlari uchun mahsulot va xizmatlarni mahalliylashtirish doirasida I yarim yillikda qiymati 21 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ayni paytga kelib, mazkur memorandumlar ijrosi doirasida qiymati 74,5 mlrd. so‘mlik 59 ta shartnomalar imzolanib, ijroga qaratildi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ilk bor tashkil etilgan bugungi taqdimotda zavodning bevosita mexanika-ta'mirlash sexida alohida “shou-rum" tashkil etildi. Unda tizim korxonalari uchun zarur bo‘ladigan 50 ga yaqin turdagi tovar guruhiga mansub bo‘lgan jami 2500 dan ortiq turdagi moddiy-texnik resurslar namoyish etildi. Xususan, importda sezilarli ulushga ega bo‘lgan keng assortimentdagi quvurlar, kimyoviy reagentlar, nazorat-o‘lchov buyumlari, metrologiya uskunalari bo‘yicha ham alohida muhokamalar tashkil etildi.
Uchrashuvda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, “Uz-kor gaz chemical" qo‘shma korxonasi, “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” MCHJ kabi korxonalarning, shuningdek tizimdagi barcha neft-gaz qazib chiqarish boshqarmalarining ham mahsulot va xizmatlar ehtiyoji bo‘yicha alohida taqdimotlar o‘tkazildi.
Bevosita taqdimotlarda “O‘zbekneftgaz” AJ bilan kooperatsiya hamkorligini o‘rnatish istagida bo‘lgan Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Cold fire” MCHJ tomonidan mahalliylashtirilgan yong‘in o‘chirish asboblari uchun foydalaniladigan kimyoviy reagentlar namoyishi ham o‘tkazildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati