“O‘zbekneftgaz” AJ tizimiga kiruvchi korxonalar tomonidan polimer, neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz eksporti bo‘yicha, 2021 yil yanvar oyiga belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari 127,1% ga bajarilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan topshirilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarni to‘liq ta’minlash maqsadida, Tijorat departamenti tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan:

– prognoz ko‘rsatkichlaridagi mahsulotlarning eksportini ta’minlash maqsadida, tovar-xomashyo birja savdosiga qo‘yilishini ta’minlash;

– mavjud infratuzilmadan samarali foydalangan holda xizmatlar eksporti hajmlarini oshirish, xususan, norezident korxonalar tomonidan import qilingan neft xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha tolling xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish;

– O‘zbekiston Respublikasining chet el davlatlaridagi elchixonalarining savdo va investitsiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari bilan video muzokoralar tashkil etish orqali “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalari mahsulotlarini xorijiy hamkorlarga tanitish;

– “Uzbekneftegaz GTL” korxonasida ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlarning jahon bozorlarida tendentsiyalarini o‘rganish va istiqbolli tashqi savdo bozorlarini aniqlab, eksportga yo‘naltirish choralarini ko‘rish.

Bundan tashqari, kuz-qish mavsumida respublikamiz iste’molchilarini, shu jumladan, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalari tomonidan joriy yil yanvar oyida jami 54,5 ming tonna mahsulot yetkazib berilishi kutilmoqda (rejaga nisbatan 101%).

Shuningdek, tovar-xomashyo birja savdolari orqali “Muborak” gazni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan 30 ming tonna oltingugurt mahsulotini mahalliy iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.

Ichki bozorda polimer mahsulotlariga talabning o‘sib borishini hisobga olib, oy yakuniga qadar 15,7 ming tonna polimer mahsuloti realizatsiya qilinishi mo‘ljallangan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz